Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar to‘lashning maqsadli ko‘rsatkichlari doirasida arizalar qabuli boshlandi.
Arizalarni 16 mart kuni soat 14:00 dan boshlab Davlat xizmatlari markazlari orqali, shuningdek my.gov.uz portali yoki myGov mobil ilovasi orqali topshirish mumkin.
Subsidiya olish uchun talabgor ijtimoiy mezonlar asosida baholashda kamida 30 ball to‘plashi hamda kredit tarixiga ko‘ra dasturda ishtirok etuvchi banklardan kamida bittasining ichki talablariga javob berishi kerak.
Shuningdek, ariza beruvchining va uning turmush o‘rtog‘ining nomida mamlakat hududida mulk huquqi bilan turar joy bo‘lmasligi lozim. O‘rtacha oylik daromad ham belgilangan mezonlar doirasida bo‘lishi talab etiladi.
Ariza topshirish jarayonida ONEID tizimida ishtirok etuvchi banklarga kredit tarixini baholash uchun ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lishi va kredit tarixini olishga cheklov o‘rnatilmagan bo‘lishi shart. Aks holda ariza rad etilishi mumkin.
Talabgor o‘z xohishiga ko‘ra daromad hisob-kitobiga yaqin qarindoshlarining daromadlarini ham kiritishi mumkin.
Daromad mezonlari:
Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda — MHTEKMning 2,7 baravardan 8 baravargacha (3,431 mln — 10,168 mln so‘m);
Toshkent shahrida — MHTEKMning 2,7 baravardan 9,2 baravargacha (3,431 mln — 11,693 mln so‘m).
Uy-joy sotib olishda ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplash uchun davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi. Kredit foiz to‘lovlarining bir qismi Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga subsidiya sifatida to‘lab beriladi.