Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevning o‘g‘li Taymuras Tashiyev otasining yangi suratini e’lon qildi.
Suratda Qamchibek Tashiyevning soqoli ancha o‘sgani, sochlari esa sezilarli darajada oqarib ketgani ko‘rinadi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uning ancha ozib ketganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, 11 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. Prezident o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operasiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qilgandi.