Poytaxtimizda Ta’lim va ilm-fan vazirligi huzuridagi Innovasion rivojlanish agentligi tomonidan “O‘zgarayotgan dunyo uchun innovasiyalar” shiori ostida tashkil etilgan “InnoWeek–2026” — xalqaro innovasion g‘oyalar haftaligi rasman ochildi. Uch kun davomida ilm-fan yutuqlari, zamonaviy texnologiyalar, istiqbolli ishlanmalar va yangi biznes g‘oyalar namoyish etilib, mahalliy hamda xorijiy hamkorlar o‘rtasida tajriba almashish va yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish uchun imkoniyatlar yaratiladi.
Haftalikning ochilish marosimida vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari vakillari, xalqaro ilmiy markazlar olimlari, texnologik soha ekspertlari, startap ekotizimi vakillari, yosh innovatorlar, ixtirochilar, tadbirkorlar hamda investorlar ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar “InnoWeek” haftaligining ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarishga joriy etish, qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish va mamlakatning innovasion salohiyatini ro‘yobga chiqarishdagi ahamiyatini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatimiz olimlari va ilmiy muassasalarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ilmiy izlanishlarni iqtisodiyotning real ehtiyojlariga yo‘naltirish hamda zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish muhimligi qayd etildi.
Bu yilgi haftalik xalqaro ishtirok ko‘lami va namoyish etiladigan ishlanmalar xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Unda Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, AQSH, Kanada, Italiya, Buyuk Britaniya, Vengriya, Singapur, Germaniya, Fransiya, Shveysariya, Hindiston, Eron, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi 30 dan ortiq davlatdan 200 nafarga yaqin vakil, 50 ga yaqin xalqaro kompaniya, oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari va boshqa hamkorlar ishtirok etmoqda. Bu xalqaro ilmiy-texnologik aloqalarni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qilish uchun muhim maydondir.
Haftalikning asosiy yo‘nalishlaridan biri — innovasion ishlanmalar ko‘rgazmasi. 15 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda tashkil etilgan ko‘rgazmada jami 265 ta eksponent, jumladan, 225 ta mahalliy va 40 ta xorijiy ishtirokchi o‘z mahsulot va ishlanmalarini taqdim etmoqda. Ko‘rgazma hududida 12 ta blok va 240 ta stend tashkil etilib, 750 ta innovasion mahsulot namoyish qilinmoqda.
Ko‘rgazmada oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, innovasion tadbirkorlik sub’ektlari, spin-off kompaniyalar, yosh startapchilar, Yashnobod texnoparki va hududiy yoshlar texnoparklari, Jahon bankining “MUNIS” loyihasi ishtirokchilari, ixtirochilar va rasionalizatorlar o‘z ishlanmalarini namoyish etmoqda. Shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Germaniya, Vengriya va Qozog‘iston vakillari o‘z texnologiyalari va innovasion yechimlarini taqdim etmoqda. Bu tashrif buyuruvchilarga mahalliy ishlanmalar bilan tanishish, xorijiy tajribani o‘rganish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Uch kun davomida haftalik dasturidan o‘rin olgan jami 21 ta tadbir doirasida ilm-fan, innovasion tadbirkorlik va xalqaro hamkorlikning turli yo‘nalishlari qamrab olinadi. Xususan, 6 ta xalqaro va mahalliy forum, 5 ta taqdirlash marosimi, 3 ta sessiya, 2 ta Demo Day, 2 ta taqdimot, 1 ta konferensiya hamda 2 ta ilmiy muloqot va davra suhbati o‘tkaziladi.
Tadbirlar doirasida olimlar, tadqiqotchilar, tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yilib, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, ularni tijoratlashtirish va yangi loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Haftalikning yana bir muhim yo‘nalishi — xalqaro biznes hamkorlikni rivojlantirish. B2B uchrashuvlar orqali mahalliy korxonalar xorijiy kompaniyalar bilan aloqalar o‘rnatish, o‘zaro manfaatli takliflarni muhokama qilish va qo‘shma loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday uchrashuvlar ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, innovasion mahsulotlarni bozorga olib chiqish hamda xalqaro biznes aloqalarini kengaytirishga xizmat qiladi.
“InnoWeek–2026” doirasida ilmiy va ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy tashabbus ham amalga oshiriladi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga Koreyada ishlab chiqarilgan, ekologik toza, siqilgan tabiiy gazda ishlaydigan 50 ta traktor beg‘araz topshiriladi.
Shuningdek, ilm-fan va innovasiya sohasida samarali natijalarga erishgan olimlar, ixtirochilar, tadqiqotchilar va yosh innovatorlarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Haftalik doirasida “Hududning eng yaxshi 100 ta innovasion loyihasi”, “Eng yaxshi oliy ta’lim ixtirochisi” va intellektual faoliyat yo‘nalishidagi tanlovlar g‘oliblari taqdirlanadi. Bundan tashqari, “Innovasion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni sohiblari e’tirof etiladi. Ushbu marosimlar ilmiy izlanishlar va yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, innovasion faollikni oshirishga xizmat qiladi.
Haftalik tashrif buyuruvchilar, jumladan, talabalar va yosh ota-onalar uchun ham qiziqarli bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda bolalar hududi, virtual sayohat imkonini beruvchi VR maydoni va innovasion ko‘ngilochar o‘yinlar tashkil etilgan. Natijada tashrif buyuruvchilar zamonaviy texnologiyalar bilan tanishish bilan birga, ularning imkoniyatlarini interaktiv shaklda sinab ko‘rishlari mumkin.
“InnoWeek–2026” ilmiy g‘oyalarni amaliy yechimlarga aylantirish, mahalliy ishlanmalarni xalqaro maydonga olib chiqish va ilm-fan bilan biznes o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Haftalik olimlar, tadqiqotchilar, talabalar, yosh innovatorlar, startap asoschilari, tadbirkorlar va investorlar uchun yangi imkoniyatlar, hamkorlik aloqalari va istiqbolli loyihalar sari yo‘l ochadi.
Haftalik 29 oktyabrga qadar davom etadi.