Britaniyalik milliarder Piter de Pyutronning yashirin biznesi va uning «Formula-1» bilan bog‘liq faoliyati ma’lum bo‘ldi
Qimmatli qog‘ozlar savdosi orqali boylik orttirgan britaniyalik milliarder Piter de Pyutron o‘nlab yillar davomida jamoatchilik e’tiboridan chetda bo‘lishga harakat qilgan. Biroq «Formula-1»ning Williams jamoasi va AQShda ma’lumotlar markazi qurilishi bilan bog‘liq sud nizolari uning biznesiga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirdi.
Financial Times (FT) gazetasi xabar berishicha, de Pyutron boyligining asosini Londonda joylashgan G-Research kompaniyasi tashkil etadi. Ushbu kompaniya moliya bozorlarida savdo qilish uchun kompyuter dasturlarini ishlab chiqadi.
Kompaniya raqiblaridan birining taxminiga ko‘ra, G-Research bilan bog‘liq investisiya fondi 10–12 milliard dollarlik aktivlarni boshqaradi. G-Research kompaniyasining o‘zi qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotish bilan shug‘ullanmaydi. Uning xodimlari faqat ma’lumotlarni tahlil qiladigan va aksiyalar qiymatining o‘zgarishini prognoz qiladigan dasturlarni ishlab chiqadi. Keyin ushbu prognozlar Buyuk Britaniyadan tashqarida ro‘yxatdan o‘tgan hamkor kompaniyalarga uzatiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday tizim de Pyutronga biznesining katta qismini soliqlar past bo‘lgan mamlakatlarda yuritish imkonini beradi. Masalan, u bilan bog‘liq kompaniyalardan biri Marshall orollarida ro‘yxatdan o‘tgan. U yerda biznes egalari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishga nisbatan soddalashtirilgan talablar amal qiladi.
Nashr yozishicha, de Pyutron 1997 yilda milliarder Jorj Soros ko‘magida o‘zining birinchi investisiya fondiga asos solgan. Keyinchalik u kompyuter algoritmlaridan foydalangan holda savdo qilishga ixtisoslashgan. 2001 yilda moliyachi Gloucester Research kompaniyasini tashkil etgan. Keyinchalik kompaniya G-Research deb nomlangan.
Shu bilan birga, milliarder shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni qat’iy sir saqlaydi. Financial Times suhbatdoshlarining aytishicha, u uchrashuv joyini uning boshlanishiga bir necha daqiqa qolganda ma’lum qilishi va ishtirokchilardan o‘zlari bilan elektron qurilmalar olib kelmaslikni talab qilishi mumkin. Hatto uning ayrim ko‘p yillik tanishlari ham telefon raqamini bilmaydi.
Internetda uning fotosuratlari mavjud emas. The Wall Street Journal nashri de Pyutronning tanishlaridan birining fikrini keltirgan. Uning aytishicha, milliarder ommaviy tadbirlardan birida «odatiy josusga o‘xshab» ko‘ringan: «shlyapa, plash va binoda ham, ko‘chada ham taqib yuradigan quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar».
G-Research kompaniyasida ham qat’iy qoidalar amal qiladi. Xodimlarga ichki ma’lumotlarni oshkor qilish taqiqlangan. Ishdan bo‘shaganidan keyin esa ular raqobatchi kompaniyalarda ishlash bo‘yicha cheklovlarga duch kelishi mumkin. Ma’lumotlarga kirish huquqi turli bo‘linmalar o‘rtasida taqsimlangani sababli xodimlar ko‘pincha boshqa bo‘limlardagi hamkasblari nima bilan shug‘ullanayotganini bilmaydi. Kompaniya axborotni himoya qilish uchun maxsus xavfsizlik tizimlaridan foydalanadi.
De Pyutronning biznesi moliya bozorlari bilan cheklanib qolmaydi. U mudofaa sanoati uchun texnologiyalar ishlab chiquvchi kompaniyalarga, shuningdek, Williams «Formula-1» jamoasiga egalik qiluvchi Dorilton Capital kompaniyasiga ham sarmoya kiritgan.
Bundan tashqari, Financial Times nashri uning AQShning Janubiy Karolina shtatida yirik ma’lumotlar markazi va elektr stansiyasi qurilishini moliyalashtirayotgan NorthMark kompaniyasi bilan aloqalari mavjudligini ko‘rsatuvchi belgilarni aniqlagan. Loyihaning qiymati 2,8 milliard dollarga baholanmoqda. Elektr stansiyasining quvvati esa 460 MVtni tashkil etishi kutilmoqda.
Biroq har ikki loyiha ham sud jarayonlari markazida qolgan. Janubiy Karolinada mahalliy aholi ma’lumotlar markazi va elektr stansiyasi qurilishiga qarshi chiqqan. Ular loyiha tashabbuskorini qurilish ko‘lamining haqiqiy hajmini yashirishda ayblagan.
Williams jamoasi bilan bog‘liq nizoda esa jamoaning marketing bo‘limi sobiq rahbari Klaudiya Shvars Dorilton kompaniyasi va shaxsan de Pyutron ustidan sudga da’vo kiritgan. Sud jarayoni doirasida sud milliarderning ko‘rsatmalarini talab qilishga ruxsat bergan. Biroq sud vakillari Jersi orolidagi manzil bo‘yicha unga hujjatlarni ikki marta topshira olmagan.
Financial Times ta’kidlashicha, ushbu sud jarayonlari moliyachini o‘zi va biznesi haqida ko‘proq ma’lumot oshkor qilishga majbur etishi mumkin.
De Pyutronning Buyuk Britaniyadagi siyosiy va jamoatchilik doiralari bilan ham aloqalari bor. Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, unga qarashli kompaniyalar Buyuk Britaniya Konservativ partiyasiga qariyb 1 million funt sterling (1,3 million dollar) miqdorida xayriya mablag‘lari ajratgan.
Uning rafiqasi Xeyli boshqaradigan xayriya jamg‘armasi esa Britaniya qirollik oilasi qo‘llab-quvvatlaydigan tashkilotlarga millionlab funt sterling mablag‘ yo‘naltirgan. 2017 yilda o‘sha paytda shahzoda bo‘lgan Charlz unga ko‘rsatgan yordami uchun omma oldida minnatdorlik bildirgan.
2016 yilda The Guardian nashri ham milliarder bilan bog‘liq kompaniyalar konservatorlarga yuz minglab funt sterling o‘tkazgani, shuningdek, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish tarafdori bo‘lgan tahlil markazlarini moliyalashtirgani haqida yozgan edi.
Mablag‘ olgan tashkilotlardan biri Open Europe tahlil markazi bo‘lgan. Gloucester Research kompaniyasi ushbu markazga qariyb 700 ming funt sterling (933 ming dollar) xayriya qilgan.
De Pyutronning yana bir qarindoshlik aloqasi sobiq britaniyalik vazir Andrea Lidsom bilan bog‘liq: milliarder uning singlisiga uylangan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Lidsom va uning turmush o‘rtog‘i turli yillarda moliyachiga tegishli kompaniyalarda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Siyosatchining o‘zi esa qarindoshi tomonidan ajratilgan xayriya mablag‘lari uning siyosiy faoliyatidagi muvaffaqiyatiga yordam berganini rad etgan.