Toshkent shahrining Uchtepa tumanida xonadon yong‘inida halok bo‘lgan ayol yashagan uyga qasddan o‘t qo‘yilgani aniqlandi. Hodisa joyida bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan uchta yong‘in o‘chog‘i aniqlangan. Bu haqda Bosh Prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 24 oktyabr kuni soat 02:00 larda tumandagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in joyida 2000 yilda tug‘ilgan ayolning jasadi topilgan. Shuningdek, uning yelkasidan son qismigacha bo‘lgan joylarida termik jarohatlar aniqlangan.
Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida oshxona, yotoqxona va mehmonxonada bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan uchta yong‘in o‘chog‘i borligi aniqlangan. Shuningdek, xonadonga qasddan o‘t qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatuvchi alomatlar ham qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan 24 oktyabr kuni Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra, qonuniy qaror qabul qilinishi va qo‘shimcha ma’lumot berilishi bildirilgan.