AQSh ma’muriyati Vengriya sobiq bosh vaziri Viktor Orban nomzodini BMT Bosh kotibi lavozimiga ilgari surishni taklif qildi. The Wall Street Journal nashrining uch mamlakatdagi manbalariga tayanib xabar berishicha, bu g‘oyani Rossiya va Xitoy ham qo‘llab-quvvatlamoqda. AQSh vakili Vengriyaning sobiq bosh vazirini «MAGA konservatorlari uchun ideal nomzod» deb ataydi.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga ushbu xabarlarga munosabat bildirar ekan, Viktor Orban YEIning muhim qarorlarini barbod qilib, yillar davomida «veto qo‘yish va shantaj qilish san’atini» sayqallaganini ta’kidladi.
«Biz dunyoning qolgan qismi bilan o‘zimizning boy tajribamizni bo‘lishishimiz mumkin: uni kerakli vaqtda qanday qilib qahvaga taklif qilishni o‘rgatamiz», — deya qo‘shimcha qildi Andrey Sibiga.
Tashqi ishlar vaziri 2023 yilda YEI sammitida yuz bergan voqeani nazarda tutmoqda. O‘shanda Orban majlislar zalini tark etgan va bu Yevropa Ittifoqi yetakchilariga Budapeshtning vetosisiz Ukrainaning YEIga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqida qaror qabul qilish imkonini bergan edi. Keyinchalik GFR sobiq kansleri Olaf Shols ovoz berish oldidan Orbanga zaldan tashqarida qahva ichishni taklif qilganini tan olgan edi.