«Manchester Siti»ning sobiq bosh murabbiyi Pep Gvardiola yana bir bor Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Ispaniyalik mutaxassis video murojaat yo‘lladi. Ushbu video BMTning Falastin qochqinlariga yordam ko‘rsatish va ishlarni tashkil etish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilindi.
«Bular shunchaki vafot etgan odamlar emas. Bular o‘ldirilgan insonlar. Bular raqamlar emas, balki o‘z ismlari, yuzlari, oilalari, orzulari va xotiralariga ega bo‘lgan insonlar hayotidir.
Bular urushning tasodifiy qurbonlari emas, balki o‘g‘il-qiz bolalardir. Biz narsalarni o‘z nomi bilan atashdan to‘xtasak, azob-uqubatlarni yashiradigan so‘zlardan foydalansak, insoniyligimizni yo‘qotamiz.
Biz tariximizning juda qorong‘i davrida yashayapmiz. G‘azoda vayronalar orasidan ota-onasini izlayotgan bolalarni ko‘ryapmiz. Ular yordam so‘rashmoqda, ochlikdan aziyat chekishmoqda, yolg‘iz qolishmoqda.
Biz ularning ulg‘ayishga ulgurmasidanoq hamma narsasini yo‘qotganiga guvoh bo‘lyapmiz.
Do‘zax davom etmoqda. U bilan birga falastinliklarni inson sifatida qadrsizlantirish ham davom etyapti. Ularning hayoti ham bizning hayotimiz kabi muhim.
Ularning azob-uqubatlari bugun boshlangani yo‘q. Keling, buni unutmaylik. Falastin bilan birdamlikda ham, bizning mas’uliyatimizda ham tanaffus bo‘lishi mumkin emas.
Bugungi kunga kelib, Isroil hukumati G‘azoda 74 mingdan ortiq insonni o‘ldirdi va gumanitar yordam yetkazilishiga to‘sqinlik qilishda davom etmoqda.
G‘azo vayron bo‘lgan bir paytda, G‘arbiy sohilda falastinliklarning uylarini buzish va odamlarni majburan ko‘chirish ham davom etmoqda.
Shuni esda tutish kerakki, millionlab falastinlik qochqinlar uchun azob-uqubatlar hozir boshlangani yo‘q.
Ular o‘nlab yillar davomida majburiy ko‘chishlar, zo‘ravonlik, yo‘qotishlar, qayg‘u, og‘riq, ruhiy jarohatlar, noaniqlik va adolatsizlik sharoitida yashab kelmoqda. Ammo shunga qaramay, ular oldinga intilishda davom etishmoqda.
Biz falastinliklarning matonatiga qoyil qolamiz. Lekin ular bunday matonat ko‘rsatishga majbur bo‘lmasligi kerak.
Hech kim avlodlar davomida azob-uqubatlarni yengib o‘ta olishini isbotlashga majbur bo‘lmasligi lozim.
Hech bir bola yashashni o‘rganishdan oldin omon qolishni o‘rganmasligi kerak.
Ana shunday dahshatli sharoitda ularni biror kun ham yordamsiz qoldirmagan tashkilot bor. Uning nomi — UNRWA.
75 yildan ortiq vaqt davomida UNRWA falastinlik qochqinlarga tibbiy xizmat, himoya va gumanitar yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Ammo UNRWA shunchaki yordam tashkiloti emas. U xotira hamdir. Bu tashkilot falastinlik qochqinlarning bir necha avlodi tarixi, o‘zligi va huquqlarini saqlab kelmoqda.
Bu esa bir xalqning mavjudligini o‘chirib tashlab bo‘lmasligini isbotlaydi.
Bugun UNRWAni qo‘llab-quvvatlash har qachongidan ham muhimroq.
UNRWAni qo‘llab-quvvatlash — ochlik, zo‘ravonlik va qo‘rquvga qarshi kurashayotgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash demakdir.
Chunki vayronkorlikni davom ettirish uchun odamlarning jim turishi kerak. Ammo biz jim turmaymiz.
Bugun sukut saqlash ham tomonlardan birini tanlashning bir ko‘rinishidir.
Falastin muhim. Falastinga adolat va tinchlik kerak.
Iltimos, Falastin haqida gapirishda davom eting. Befarqlikka qarshi kurashda insoniylikni himoya qilishdan to‘xtamang.
Agar imkoniyatingiz bo‘lsa, iltimos, UNRWAni qo‘llab-quvvatlang. Shunda biz yordamga eng muhtoj insonlarga ko‘mak ko‘rsatishda davom eta olamiz.
Katta rahmat», — dedi Gvardiola.