G‘azo sektori matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, og‘ir ob-havo sharoiti va yomg‘ir natijasida mintaqadagi 1,5 millionga yaqin ichki ko‘chirilgan aholining azobi yanada ortayotgani qayd etildi. Yomg‘ir suvi vayronaga aylangan va muvaqqat boshpana vazifasini o‘tayotgan ko‘plab chodirlarni bosib ketgan.
Rasmiylarga ko‘ra, qish mavsumi yaqinlashar ekan, insonlar dardi kuchaymoqda va gumanitar falokat yanada og‘irlashmoqda. Kuchli shamol esa allaqachon shikastlangan chodir va boshpanalarni parchalashda davom etmoqda.
Bayonnomada aytilganidek, dunyo bu fojiani kameralar orqali kuzatmoqda — minglab oilalar yomg‘ir va shamol oqibatida yana boshpanasiz qolgan. Bu holat G‘azodagi gumanitar inqiroz ko‘lamini yaqqol namoyon qiladi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, aholini tezkor boshpana bilan ta’minlash uchun hozirda kamida 250 ming chodir va 100 ming turar-joy karvoni zarur. Infratuzilmaning vayron bo‘lgani, konteyner va chodirlar yetishmasligi tufayli falastinliklar yana yomg‘ir ostida qolmoqda.
G‘azo ma’muriyati xalqaro hamjamiyatni — BMT, Arab Ligasi, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa institutlarni — tezkor ravishda gumanitar, tibbiy va boshpana yordamini yetkazishga chaqirdi. Shuningdek, Isroilning gumanitar yordam kiritishdagi kechikishi keskin tanqid qilindi.
Bayonotda olib qo‘yilgan ichki ko‘chirilganlar taqdiri uchun javobgarlik endi barcha tomonlar zimmasiga tushishi ta’kidlandi va o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kafolatchilari o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqirildi.