Eron Oliy Milliy Xavfsizlik Kengashi kotibi Ali Larijoniy AQSh va Isroil hujumi boshlanganidan beri hech bir musulmon davlati Eronga yordam bermaganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom dunyosi mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va tashqi tahdidlarga qarshi turish uchun birlashishi kerak.
Olti banddan iborat maktubda Ali Larijoniy Eron qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini, mamlakat xalqini qo‘llab-quvvatlamagan musulmon hukumatlarining xatti-harakatlari esa islomning mohiyatiga zid ekanligini ta’kidladi.
«Ba’zi davlatlar bundan ham uzoqroqqa borib, shunday da’vo qilishdi: Eron Amerika bazalariga va AQSh va Isroil manfaatlariga zarba berayotgani sababli, u bizning dushmanimiz! Mamlakatlaringizdagi Amerika bazalari Eronga qarshi zarbalar berayotgan bir paytda biz qo‘l qovushtirib o‘tirishimiz kerakmi?!
Ular bahona izlamoqdalar; bugun bu jangda AQSh va Isroil bir tomonda, musulmon Eron va qarshilik kuchlari esa boshqa tomonda. Siz qaysi tomondasiz?», dedi Ali Larijoniy.
U islom dunyosining kelajagini ko‘rib chiqishga chaqirdi va ta’kidladi: «AQSh hech qachon sizga sodiq bo‘lmaydi va Isroil sizning dushmaningizdir».
28 fevral kuni ertalab Qo‘shma Shtatlar va Isroil Eronga qarshi harbiy operasiya boshladi. Hujumlar natijasida Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Bunga javoban Eron Fors ko‘rfazidagi Amerika nishonlariga, jumladan, BAA va Qatarga zarba berishni boshladi.