Birinchi hodisa. Kecha, 21 iyul kuni soat 21:40 da A-373 avtomobil yo‘lining "Qamchiq" dovonidan o‘tgan qismida "Toshkent–Vodiy" yo‘nalishida harakatlanayotgan "Shacman" rusumli yuk avtomobili texnik nosozlik sabab harakatni davom ettira olmay qolgan.
Mazkur holat yuzasidan kelib tushgan xabarga asosan FVV qutqaruvchilari voqea joyiga zudlik bilan yetib borib, maxsus texnika yordamida yuk avtomobilini xavfsiz hududga olib chiqishdi.
Ikkinchi hodisa. Bugun soat 02:55 da A-373 avtomobil yo‘lida yoqilg‘isi tugagani sababli to‘xtab qolgan yuk avtomobilining orqa qismiga ortdan kelayotgan boshqa bir yuk avtomobili urilishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Hodisa haqida xabar kelib tushishi bilan FVV qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, murakkab vaziyatga tushib qolgan haydovchiga zarur amaliy yordam ko‘rsatishdi hamda harakat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rishdi.
Har ikkala hodisa oqibatida tan jarohati olganlar qayd etilmadi.