Fransiyada biznes egalari 17 oktyabrda mamlakatning qator shaharlarini qamrab olgan tartibsizliklardan so‘ng ommaviy ravishda o‘zini himoya qilish vositalarini sotib olishni boshlashdi. 20 Minutes portali xabar berishicha, qurol do‘konlari egalari yangi hujumlar va talonchilik holatlaridan xavfsirayotgan tadbirkorlardan buyurtmalar soni keskin oshganini qayd etmoqdalar.
Biznesmenlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘z mulklarini birgalikda himoya qilish uchun hamjamiyatlar tuzishmoqda. Masalan, Atlantika Pireneylari departamentida tadbirkorlardan biri «Qora bog‘ich» assosiasiyasiga asos solib, hamkasblarini do‘konlarni himoya qilish uchun kuchlarni birlashtirishga chaqirdi. Louis Vuitton va Hermès kabi yirik kompaniyalar allaqachon xususiy qo‘riqlash tashkilotlari xizmatidan foydalanishni boshlashgan.
«Bu chindan ham talonchilikdan jabr ko‘rgan barcha shaharlarda kuzatilayotgan tendensiyadir», — dedi Qurolsozlar milliy assosiasiyasi rahbari Iv Goletti. Assosiasiya ma’lumotlariga ko‘ra, yangi xaridorlar orasida tadbirkorlar va tartibsizlik ishtirokchilari o‘z uylariga bostirib kirishidan qo‘rqayotgan fuqarolar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Lion, Tuluza, Bordo va Nissa shaharlarida rezina o‘q otadigan to‘pponchalar, shuningdek, qalampirli ballonchalar va teleskopik dubinqalar juda xaridorgir bo‘lib turibdi.
Qurol sotuvchilari tadbirkorlarning xavotirlarini tushunishlarini, biroq yuridik oqibatlar sababli ularni qurol qo‘llashdan ogohlantirishlarini aytmoqdalar. Lill shahridan bo‘lgan advokat Marten Mezurol: «Umuman olganda, o‘zini himoya qilish huquqini sudda tan oldirish ancha qiyin, xususan, mutanosiblik mezoni tufayli. Bu mezon javob harakati hujumning xarakteriga mos kelishini nazarda tutadi», — deb tushuntirdi. Yuristning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z amaliyotida mulkni himoya qilish uchun qurol qo‘llanilishi sud tomonidan qonuniy deb topilgan holatni eslay olmaydi.