Fransiya maxsus xizmatlari Yevropadagi supermarketlarning sovutish uskunalariga yaqinda amalga oshirilgan kiberhujumlar ortida Eron turganini aniqlagan.
Bu haqda Le Figaro gazetasi xabardor manbalar ma’lumotlariga asoslanib xabar bermoqda.
«Ushbu hujum uchun Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi javobgar ekanini tasdiqlay olaman. Bu misli ko‘rilmagan ko‘lamdagi hujumdir», — deb ma’lum qildi dushanba kuni Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro.
Uning bildirishicha, shu munosabat bilan Eronning Parijdagi elchisi Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan. Unga «o‘ta jiddiy ushbu harakat» yuzasidan qat’iy norozilik bildirilgan.
«Biz ushbu hujum uchun javobgar bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan Yevropa darajasida sanksiyalar joriy etamiz», — deya qo‘shimcha qildi Barro.
Eslatib o‘tamiz, supermarketlarda o‘rnatilgan sovutish uskunalariga kiberhujumlar dastlab Fransiyada boshlangan. 11–12 oktyabr kunlari xakerlar masofadan turib, qariyb 700 ta supermarketdagi sovutish uskunalari sozlamalarini o‘zgartirgan.
2 noyabr kuniga o‘tar kechasi Germaniya, Shvesiya, Belgiya va Finlyandiyadagi o‘nlab supermarketlar ham kiberhujumga uchragan. Keyinchalik Italiyada ham sovutish uskunalariga hujum qilingani haqida xabar berilgan.