Flydubai samolyotida yuz bergan hujumdan omon qolgan pilot voqea tafsilotlarini so‘zlab berdi. Hindiston fuqarosi Smit Machchxar Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan videomuloqot chog‘ida samolyot kabinasidagi voqealar haqida gapirgan.
Uning aytishicha, ikkinchi pilot unga hujum qilganidan so‘ng samolyot tezlik bilan balandlik yo‘qotayotganini anglagan.
«Men yarador holda polda yotardim, ammo o‘zimga oxirgi kuchimni ishlatib, eshikni ichkaridan ochishim kerakligini aytdim», — degan Machchxar.
The Telegraph yozishicha, pilot vaqt juda oz qolganini tushungan. U eshik tomon emaklab borib, uni ochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng boshqa odamlar kabinaga kirgan.
Hujum vaqtida Machchxarning bo‘yni jiddiy jarohatlangan, chap qo‘li esa deyarli uzilib ketgan. Kasalxonada olingan kadrlarda uning boshi va qo‘llari bog‘langani ko‘rinadi. Guvohlarning aytishicha, hujumdan keyin pilot ko‘p qon yo‘qotib, hushini yo‘qota boshlagan. Unga yo‘lovchilardan biri — stomatolog Shota Musayev yordam ko‘rsatgan.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi pilotning harakatlarini jasorat, vazminlik va tez qaror qabul qilish qobiliyatining namunasi deb atagan.
Hodisa 30 sentyabr kuni ertalab, Dubaydan Tel-Avivga yo‘l olgan samolyot bortida sodir bo‘lgan. Ikkinchi pilot kapitanga kabinada hujum qilgan. Uning ismi rasman oshkor qilinmagan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ma’lum qilishicha, samolyot qo‘ngandan so‘ng hujum qilgan shaxs qo‘lga olinib, so‘roq qilingan. Yo‘lovchilarning aytishicha, qo‘lga olish vaqtida u o‘zini o‘ldirishni so‘ragan.
Samolyotni qutqarishda yo‘lovchilar va bortida bo‘lgan boshqa pilotlar muhim rol o‘ynagan. Yo‘lovchi Yaniv Xayún samolyotning keskin pastga tushishini to‘xtatganidan so‘ng boshqa pilotlar boshqaruvni o‘z qo‘liga olgan.
Natijada samolyot Saudiya Arabistonida muvaffaqiyatli qo‘ngan. Bortdagi 180 kishining barchasi tirik qolgan.