Bugun 2 may, 2025 yil, juma

КИР

Farzandlar ta’minoti – ota-ona majburiyatlarining biri

Farzandlar ta’minoti – ota-ona majburiyatlarining biri

“Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, 64-modda.

Ayol va erkak turmush qurar ekan, avvalambor, jamiyatda yangi bir oila paydo bo‘lishiga, o‘z o‘rnida o‘zidan yangi avlod – kelajak egalarini dunyoga keltirish va tarbiyalash mas’uliyatini yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Bu mas’uliyatni bir umr his etib yashash, uni amalda bajarish esa, kezi kelganda, har kimda ham bir xil namoyon bo‘lavermaydi. Turmush tashvishlari, xilma xil ijtimoiy munosabatlar er-xotinda bola tarbiyasini bir chetga surib qo‘yib, o‘z manfaatlari yo‘lida harakat qilishga, oqibatda, ota-onalik vazifalarining bajarilmay qolishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 45-moddasiga ko‘ra, voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.

“Er-xotinning urushi – doka ro‘molning qurishi” deganlaridek, er-xotin o‘rtasidagi tushunmovchiliklar tezda barham topishi mumkin, biroq, arzimagan sabablar bilan birgalikdagi turmushlaridan voz kechib, o‘zaro ajrashgan holda yashayotgan vatandoshlarimiz ham uchrab turadi. Nima ham derdik, “bu ularning shaxsiy ishi”, “ixtiyori o‘zida” deb, beparvo bo‘lamiz.

Bunday oilalarni har birimiz bilamiz, tashvishlaridan xabardormiz.

Ammo, shu kezda, mazkur oilada tug‘ilib, ota-onasidan birining mehridan, qaramog‘idan mahrum bo‘lib qolayotgan voyaga yetmagan bolalarning taqdiriga kelganda, savolga javob beradigan, mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladigan inson topilmaydi.

Kelin-kuyovning janjali, quda-anda kelishmovchiliklari, mol-mulk talash va shu kabi bir qancha nizolar norasida bolalarning taqdirini soyada qoldirib qo‘yadi.

Shu onda, mazkur masalani yechish, bolalar manfaatlari yo‘lida odilona qaror chiqarishda sud idoralarining mas’uliyati ikki hissa ortadi.

Davlatimizda onalik va bolalik qonun himoyasida bo‘lib, qonunchilikda bolalar huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator normalar mavjud.

Ushbu qonun normalari bilan bir qatorda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari – konvensiya, pakt va xalqaro shartnomalar bola huquqlarini ro‘yobga chiqarishda katta ahamiyat kasb etadi.

Har bir bola o‘z ismiga ega bo‘lish, ta’lim olish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, eng asosiysi voyaga yetguniga qadar o‘z ota-onasidan ta’minot olish huquqiga ega.

Bunday ta’minot uning kundalik ehtiyojlarini qondirishga, boshqa bolalardan kam bo‘lmagan sharoitlarda yashash va tarbiyalanish uchun yetarli bo‘lishi lozim.

Sudlarga beriladigan, bolalar ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi aksariyat ariza hamda da’volarning ko‘p qismini onalar – ayollar tomonidan berilgan arizalar tashkil etadi. Bu esa, er-xotinning o‘zaro ajrashib ketganidan keyin, o‘rtadagi voyaga yetmagan bolalarning ko‘pincha onasi bilan qolganligidan dalolat beradi.

O‘zbek oilasida ayol, ya’ni xotin asosan uy-ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullanish, bola parvarishlash va uydagi boshqa xo‘jalik ishlari bilan band bo‘ladi, aksariyat hollarda mustaqil daromadga ega bo‘lmaydi. Ushbu holat, ayolning sudga murojaat qilib, bolalari ta’minoti uchun otadan aliment undirib berishni talab qilishga majbur qiladi.

Ming afsus, sudlarda bu toifadagi ishlar ko‘payib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96-moddasi birinchi qismida ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shartligi, ikkinchi qismida voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undirilishi belgilab qo‘yilgan.

Oila kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.

Sud buyrug‘i yoki hal qiluv qarori asosida undirish belgilangan aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lashda ham bir qancha muammolar ko‘zga ko‘rinib qoladi.

Bular jumlasiga qarzdor, ya’ni o‘zidan aliment undirish belgilangan shaxs (ota yoki ona)ning muqim ish joyi va daromadga ega emasligi, mavjud ish haqi miqdorining kamligi, yoinki, qarzdorning chet davlatiga chiqib ketganligi bois, undiruvning imkoni yo‘qligi va boshqalar.

Albatta, yetarli daromadga ega bo‘lgani holda aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelayotgan, sud hujjati ijrosiga beparvo bo‘layotganlar ham yo‘q emas.

Bunday shaxslar amaldagi qonunchilikka ko‘ra javobgarlikka tortilishi, oxir oqibat ota-onalik huquqidan ham mahrum qilinishlari mumkin. Qonunchilikda bu holatlar va ularni bartaraf etish yo‘llari aniq belgilab berilgan.

Lekin, muammo yuzaga kelganidan keyin, taraflar o‘rtasida turli xil nizolar avj olgan bir vaqtda aliment pullarining undirib olinishida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan to‘siqlar ijro bo‘limlarining ish sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib, aliment pullarining o‘z vaqtida va miqdorlarda undirib olish imkonini cheklab qo‘ymoqda.

Bu esa o‘z navbatida bolalarning kerakli vaqtda, birinchi navbatda zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga, ularni har tomonlama yetuk, jamiyatga foydasi tegadigan inson qilib tarbiyalashga to‘siq bo‘lmoqda.

Milliy mentalitetimizda bobo va buvining o‘z nabiralariga bo‘lgan mehri baland, bolalar ota-onasidan ham ko‘proq bobosi yoki buvisini yoqtiradi, bu hech kimga sir emas. Balki bu holat bolalarning tug‘ilganidan boshlab voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davrda o‘z bobosi va buvisi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazganligi, ularning pandu-nasihatlarini eshitib katta bo‘lganligidandir. Bu albatta yaxshi holat. Ko‘p hollarda ota-onadan birining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning kundalik tashvishlari bobo va buvining zimmasida qolib ketmoqda.

Lekin, muammoning yechimini topish – davlat va jamiyat taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir kishining, avvalambor huquqshunoslarning vazifasi hisoblanadi.

Ho‘sh, nima qilish mumkin? Er-xotin turmush qurib, birga ro‘zg‘or yuritib, bir nechta farzandli bo‘lganidan keyin, o‘zaro kelishmovchilik tufayli ajrashib ketganida, o‘rtada qolgan bolalarning ta’minoti kimning zimmasida qoladi?

Sudga murojaat qilayotgan aksariyat odamlardan “Turmush o‘rtog‘i tashlab ketgan, bolasi bilan yolg‘iz qoldi, eridan aliment undirib bering, topgan pullar tirikchilikka yetmayapti”, degan tashvishli e’tirozlarni ko‘p eshitamiz.

Ammo, bir haqiqatni to‘g‘ri anglash kerak: bola ta’minoti nafaqat otaning, balki onaning ham majburiyati. Bolalari bilan qolgan ona ham ota bilan bir xil majburiyatga, ya’ni bolalarini ta’minlash majburiyatiga ega. Faqatgina erning ish haqi va daromadidan undirilgan alimentning o‘zigagina yashab, ham o‘zi ham bolalarini ta’minotini o‘ylayotgan ayollarga qonun talablarini to‘g‘ri tushuntirish kerak.

Eng asosiysi, bu kabi muammolarning kelib chiqishini oldini olish maqsadida taraflar – yigit va qiz nikohga kirguniga qadar qonun talabini to‘liq anglab yetishi, oila va jamiyat oldidagi mas’uliyatini his etishi kerak.

Avvalambor, nikohlanuvchi shaxslarni nikoh shartnomasi tuzishga, mazkur shartnomada birgalikdagi turmushlari davrida er-xotin o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlarni o‘zaro kelishuv asosida tartibga solishga o‘rgatishimiz kerak.

“Shartnoma?”, “Bu kabi shartnoma ham tuziladimi?”, “Axir biz yaxshi niyat bilan oila qurmoqchimiz, ajrashish niyatimiz yo‘q!” degan e’tirozlarni ko‘p aytishadi.

To‘g‘ri, yaxshi niyat qilish kerak. Lekin, bu – hayot, deganlaridek, turmush qurish ostonasida katta-katta va’dalarni qilib, keyinchalik, arzimagan kelishmovchilik natijasida o‘zaro ajrashib ketish holatlari bor, bunda o‘rtadagi voyaga yetmagan bolalar taqdirini oldindan o‘zaro kelishib olish, menimcha, hech kimning huquqlarini cheklamaydi.

Axir, hozirda ommalashib ketgan tarzda oddiy do‘kondan pulini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan televizor yoki kir yuvish mashinasi sotib olishda, kommunal xizmatlardan foydalanishda, oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakti asosida o‘qishda shu “Shartnoma”ni tuzishda muammolar mavjud emas-ku.

Nega endi, bir umrlik hayot davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan, oqibati har ikki tarafga ham salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar xususida er va xotin oldindan o‘zaro kelishib olmasligi kerak?

Bu albatta har bir kishining ixtiyori. Lekin, hozirda bu kabi tushuntirishlar berilmasa, ko‘proq targ‘ibot ishlari olib borilmasa, keyinroq yanada kech bo‘lishi mumkin.

Hozirda yuzaga kelayotgan, er-xotin o‘rtasidagi turli ziddiyatli holatlar mamlakatimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodning har taraflama kamol topishi va ulg‘ayishiga o‘z ta’sirini o‘tkazayotgan bir vaqtda, barcha – yosh kelin-kuyovlar, ota-onalar va ularning yaqin qarindoshlari, oila va bolalarning manfaatlariga daxldor faoliyat bilan shug‘ullanayotgan har bir davlat va nodavlat muassasalar, idora va tashkilotlarning yagona maqsadi: mamlakatda huquqiy jamiyat, sog‘lom oila, ma’nan yetuk insonlarni dunyoga keltirish va tarbiyalashdan iborat bo‘lishi kerak.

Har bir bola dunyoga go‘zal nazar va ezgu tilak bilan boqadi. Uning nazarida dunyo bir ertak kabi, unda yovuzlik va jaholat, qaxr va g‘azab, yomonlik mavjud emas.

Bolaning bunday nazar bilan katta bo‘lishi esa ota-onaning asosiy vazifasi hisoblanadi. Qorni to‘q, birovdan kam bo‘lmay, bog‘cha yoki maktabiga borib kelayotgan, zarur bilim va ko‘nikmalarni egallayotgan bola kelajak egasidir.

Shunday ekan, har birimiz voyaga yetmagan bolalar ta’minotiga alohida mas’uliyat bilan yondoshishimiz, aliment majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga uning salbiy oqibatlarini tushuntirishimiz, asosiysi, bu kabi nizolarning kelgusida kelib chiqmasligi uchun er-xotinni o‘zaro kelishtirib, bolalar ta’minotiga oid majburiyatlarini yagona huquqiy hujjatda – shartnomada belgilab qo‘yilishini ta’minlashimiz lozim.

Shartnoma tuzish har bir er va xotinda birgalikdagi turmushlari va oilasiga alohida mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishini ta’minlaydi, nizo kelib chiqqanida uni to‘g‘ri va o‘z vaqtida hal etilishiga sabab bo‘ladi.

Eng asosiysi, oiladagi voyaga yetmagan bolalarning huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytiradi.

Nodir Sulaymanov,

Farg‘ona viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi

Kiritildi: 10:46 24.05.2022. O'qildi: 8131 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!