Farg‘onada onlayn kredit olib fuqarolarning 1 milliard so‘mdan ziyod pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, u 10 dan ortiq fuqaroning 1 milliard so‘mdan ziyod pullarini kredit shaklida olib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Fuqarolarning IIBga murojaatlari asosida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ushbu harakatni 1997 yilda Quva tumanida tug‘ilgan Muhammad Yusuf Muhammadjonov sodir etgani aniqlanib, qo‘lga olindi.
“Kredit olmoqchi edim, kredit tarixim yomonligi sababli banklar bermadi. Xizmat haqqini berasiz, degandi. Kelishdik. Ko‘rishib, haqiqatan olib berdi. 130 millionni olib, keyin yana qo‘shimcha, men olib bo‘lgandan keyin, yana nomimga kredit rasmiylashtirib olibdi”, degan jabrlanganlardan biri.
IIBga murojaat qilganlardan yana biri noma’lum shaxs tomonidan nomiga 105 million 780 ming so‘mlik ipoteka krediti rasmiylashtirib olinganini bildirgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tezkor tadbirlarga kirishilgan. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘rilgan tezkor tadbirlar natijasida yuqorida nomi keltirilgan shaxs ushbu jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinib, ushlangan.
“Bank xodimi emasman. Faqat o‘sha fuqaro mening oldimga 100 million pul kerak desa, 100 million pulini olib beraman, lekin undan qolgan summalarini aytmayman o‘ziga. Qiynalgan odamlar ko‘p edi. Ko‘pidan o‘zimning maqsadim yo‘lida foydalanib qo‘ydim. Hamma aybimdan pushaymonman. Bunaqa holatlarni boshqa takrorlamayman. Kechirishingizni so‘rayman. Mendan jabr tortgan hamma insondan uzr so‘rayman”, degan u.