Qozog‘iston prezidenti bu haqda Qosim-Jo‘mart To‘qayev Omsk shahrida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi. To‘qayev Omskka Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning XXII forumida ishtirok etish uchun kelgan edi.
"Urushda yoshlarning halok bo‘layotgani achinarli. Bu qardosh xalqlar — Rossiya va Ukrainaning genofondidir. Bularning bariga chek qo‘yilishi kerak. Chunki sodir bo‘layotgan voqealar har ikki davlatning dushmanlari foydasiga xizmat qilmoqda va ularni quvontirmoqda", — dedi u.
To‘qayev Rossiya va Ukraina mojarosi bo‘yicha unga Yevropa va AQShdan “ko‘plab signallar” kelib tushayotganini ta’kidladi.
"Biz ukrain xalqiga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lganmiz. Ushbu mojaroning tabiati ko‘pchilik uchun, jumladan biz uchun ham unchalik tushunarli emas. Bilaman, siz Alyaskada maksimal darajada diplomatik moslashuvchanlik namoyish etdingiz. Mening ojizona fikrim: ehtimol, mojaroni endi muzlatib qo‘yish va “Istanbul kelishuvlari 2.0” ga qaytish vaqti kelgandir. Albatta, AQSh kabi buyuk davlatlar kafolati ostida. Men vositachi bo‘lishdan qat’iyan bosh tortaman", — deya qo‘shimcha qildi Qozog‘iston yetakchisi.
"Qozog‘istonning Rossiyaga nisbatan pozisiyasiga kelsak, shubha qilmang, biz har doim Rossiyani, buyuk davlat deb bilganmiz va hozir ham shunday deb bilamiz. Darvoqe, men bu haqda barcha xalqaro forumlarda doim aytib kelaman. Shuningdek, qanchalik qiyin bo‘lmasin, Rossiya bilan strategik hamkorlikka va ittifoqchilik munosabatlariga sodiqmiz. Bugungi forum ham buning yaqqol tasdig‘idir", — deya qo‘shimcha qildi To‘qayev.