Farg‘ona shahridagi 66-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 6 yoshli bolani tok urishi bilan bog‘liq ish yuzasidan yana uch nafar mansabdor shaxsning harakatlariga huquqiy baho berish uchun tegishli materiallar prokuraturaga yuborildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudining 2026 yil 23 iyundagi hukmiga ko‘ra, bog‘cha tarbiyachisi N.R., «Faxr» xususiy korxonasi ish yurituvchisi J.M. hamda Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi elektromontyori D.X. Jinoyat kodeksining 116-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslikda aybdor deb topilgan va ularga tegishli jazolar tayinlangan.
Sud qaroriga ko‘ra, sudlanuvchilardan jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 45 million so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirish ham belgilangan.
Bolaning otasi A. Qodirov sud hukmidan, shuningdek, hodisaga aloqador deb hisoblagan boshqa shaxslar javobgarlikka tortilmaganidan norozi bo‘lib, apellyasiya shikoyati bergan.
Apellyasiya instansiyasi tomonidan 66-sonli DMTT rahbari, «Faxr» MCHJ rahbari hamda Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi mansabdor shaxslarining harakatlariga huquqiy baho berish masalasida tegishli materiallar Farg‘ona shahar prokuroriga yuborilgan.
Shuningdek, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini qonunchilikda belgilangan tartibda hal qilish so‘ralgan.
Sud muhokamasi tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblov doirasida o‘tkazilgani sababli, tergov jarayonida jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxslarning aybdorligi masalasini sudning o‘zi hal qilishi mumkin emas.
Ayni vaqtda bolaning otasi Farg‘ona viloyati sudiga taftish tartibida ham shikoyat kiritgan. Ushbu shikoyatdagi vajlar taftish instansiyasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.