Odatda ajrashish holatlarida sud, bolaga ona mehri zarurligi hamda otaning moddiy yoki ma’naviy imkoniyatlarini inobatga olib, farzandlarni ona qaramog‘ida qoldirishni ma’qul ko‘radi. Biroq, hayotda uchraydigan ba’zi murakkab taqdirlar bu qoidani ham istisno qilishga majbur etadi.
Yangiariq tumanida yashovchi fuqaro A.M. oilaviy nizolar sabab ikki nafar voyaga yetmagan farzandini olib, ota uyiga qaytadi. Ammo, ko‘p o‘tmay, vasiylik va homiylik organiga xabar bermasdan, farzandlarini o‘z onasi I.M.ning qaramog‘iga qoldirib, daromad topish maqsadida Rossiya davlatiga jo‘nab ketadi. Bundan xabar topgan ota B.X. fazandlarini o‘z tarbiyasiga olish va ularning haq-huquqlarini himoya qilish so‘rovi bilan sudga murojaat qiladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bog‘ot tumanlararo sudining ijro varaqasiga ko‘ra, 10 va 5 yoshli ikki nafar voyaga yetmagan bolani buvisi I.M.ning qaramog‘idan olib, otasi B.X. tarbiyasiga berish belgilandi. Mazkur hujjat Majburiy ijro byurosi Yangiariq tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, davlat ijrochilari tomonidan darhol tegishli harakatlar boshlandi. Davlat ijrochilari tomonidan bolalarni ixtiyoriy ravishda da’vogar ota B.X.ga topshirish haqida ogohlantirilgan bo‘lsa-da, javobgar I.M. turli bahonalar bilan buni paysalga solib keldi.
Qonun ustuvorligi va bolalar manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilgan tezkor ijro harakatlari natijasida, xolislar ishtirokida ikki nafar norasida farzand o‘z otasining bag‘riga qaytarildi va sud qarori ijrosi to‘liq ta’minlandi.