Rossiyaga nisbatan yangilangan sanksiyalar ro‘yxatining tafsilotlari ochiqlandi.
Hujjatlarning birida jami 42 ta Rossiya, Xitoy va Hindiston kompaniyasi sanab o‘tilgan. Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar orasida Tataristondagi “Alabuga” maxsus iqtisodiy zonasidagi “Sollers” avtomobil yig‘ish korxonasi ham bor. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, “Absolyut bank”, “MTS-bank”, “Alfa-bank”, “Zemskiy bank” va “Istina” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi bilan moliyaviy operasiyalarni taqiqladi.
Yangi ro‘yxatga “soya floti”ning yana 118 ta kemasi kiritilgan. Yevropa Ittifoqi tomonidan e’lon qilingan yana bir hujjatda Rossiyaning 45 ta kompaniyasi va 22 nafar jismoniy shaxs nomi ko‘rsatilgan. Ular orasida Oliy iqtisodiyot maktabi rektori Nikita Anisimov va Dmitriy Medvedevning Xavfsizlik kengashi rais o‘rinbosari lavozimidagi yordamchisi Oleg Osipov ham bor.
Sanksiya ostidagi kompaniyalar qatoriga AvtoVAZ, “Sarmat” raketa komplekslarini ishlab chiqaruvchi Krasnoyarsk mashinasozlik zavodi hamda Rossiya tankerlariga Aruba, Kyurasao va Sent-Martin davlat tuzilmalarida ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida soxta hujjatlar bergan uchta firma ham kiritilgan.
Evropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiyaning maxsus iqtisodiy zonalariga (ular orasida “Alabuga” va “Texnopolis” ham bor) sarmoya kiritishni taqiqladi va 2027 yil 1 yanvardan boshlab Rossiya suyultirilgan tabiiy gazini sotib olish, import qilish va Yevropa Ittifoqi ichida uzatishni man etdi.