Evropa Ittifoqi (EI)ga a’zo davlatlar Rossiyaga tegishli 210 milliard yevro miqdoridagi aktivlarni muddatsiz muzlatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
EI Kengashi bayonotida qayd etilishicha, YEI hududida muzlatilgan Rossiya Markaziy banki aktivlarini qaytarish taqiqlanadi. Qaror shoshilinch tartibda qabul qilingan bo‘lib, u YEI iqtisodiyotiga ehtimoliy zararlarni cheklashni maqsad qilgan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, agar ushbu taqiq joriy etilmaganida, qo‘shimcha moliyaviy resurslar Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi mumkin edi, bu esa YEI va a’zo davlatlar iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelar edi.
Qarorga muvofiq, Rossiya Markaziy bankining aktiv va rezervlari, shuningdek uning topshirig‘i bilan harakat qiluvchi har qanday yuridik shaxs, tashkilot yoki organlarga tegishli mablag‘larni o‘tkazish taqiqlanadi. Bu choralar Rossiya YEI iqtisodiyotiga tahdid solib turgan davr mobaynida amal qiladi.