Evropa komissiyasi vakili Tomas Renye Bryusseldagi brifingda Starlink faoliyati sekinlashtirilgani haqidagi xabarlar jiddiy xavotir uyg‘otayotganini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina aholini himoya qilish, harbiylar o‘rtasidagi aloqani ta’minlash va uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish uchun ushbu tizimga muhtoj.
«SpaceX Ukrainaga xizmatlarni to‘liq hajmda ko‘rsatishni zudlik bilan tiklashi kerak», — dedi Renye.
Evropa komissiyasi vakili Rossiya-Ukraina urushi Yevropaning xavfsizligi kosmik infratuzilmaga bog‘liqligini ko‘rsatganini ham qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi o‘zining IRIS² sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘ini rivojlantirishda davom etmoqda. Loyiha fuqarolik va harbiy maqsadlar uchun himoyalangan aloqani ta’minlaydigan 348 ta sun’iy yo‘ldoshni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Starlink mamlakatda butunlay o‘chirilmaganini, biroq tezlik cheklovlari ayrim harbiy va gumanitar vazifalarni bajarishni qiyinlashtirganini ma’lum qilgan edi.
Ukraina prezidentining mudofaa texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi Sergey Beskrestnov cheklovlar StarShield harbiy aloqa xizmatiga ham ta’sir qilganini bildirgan. Uning aytishicha, Ukraina mudofaa kuchlari bu choralar haqida oldindan ogohlantirilmagan va natijada ayrim vazifalarni bajarishda uzilishlar yuzaga kelgan.
Cheklovlarning joriy etilish sabablari va ularning aniq ko‘lami hozircha to‘liq tasdiqlanmagan.