O‘zbekiston maktablaridagi o‘qituvchilarning qariyb to‘rtdan uch qismi — ayollar.
2025/2026 o‘quv yili boshida mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida 577,7 ming nafar o‘qituvchi faoliyat yuritgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu avvalgi o‘quv yiliga nisbatan 12,8 ming nafarga yoki 2,3 foizga ko‘p. Hisobga o‘rindoshlik asosida ishlayotganlar kiritilmagan.
O‘qituvchilarning 418,8 ming nafari — ayollar, 158,9 ming nafari — erkaklar. Ular jami pedagoglarning mos ravishda 72,5 va 27,5 foizini tashkil etadi.
Eng ko‘p o‘qituvchi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida ishlaydi — har birida 65,1 ming nafardan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona — 60,6 ming va Surxondaryo — 52,3 ming nafar bilan qayd etilgan.
Qolgan hududlarda ko‘rsatkichlar quyidagicha:
- Andijon — 46,3 ming;
- Namangan — 42,6 ming;
- Qoraqalpog‘iston — 40,7 ming;
- Toshkent viloyati — 40,2 ming;
- Xorazm — 35,1 ming;
- Toshkent shahri — 34,1 ming;
- Buxoro — 33,4 ming;
- Jizzax — 25,7 ming;
- Navoiy — 22,3 ming;
- Sirdaryo — 14,2 ming nafar.
Shu bilan birga, ta’lim ish haqi eng past sohalardan biri bo‘lib qolmoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning yanvar–iyun oylarida ta’lim sohasida o‘rtacha oylik nominal ish haqi 4,98 mln so‘mni tashkil etgan.
Bu respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich — 7,09 mln so‘mdan qariyb 30 foiz kam. Hisobotda keltirilgan sohalar orasida ta’limdan past maosh faqat sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda qayd etilgan — 4,44 mln so‘m. Ushbu raqamlar soliqlar ushlanishidan oldingi hisoblangan ish haqini ifodalaydi.