Tizim sun’iy intellekt, smart-kameralar va Face ID texnologiyasi orqali o‘quvchilarning darsda qatnashishini avtomatik qayd etadi. Sababsiz dars qoldirilgan holatlarda ota-onalarga SMS-xabarnoma yuboriladi.
Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida poytaxt umumta’lim maktablarida o‘quvchilar davomatini nazorat qilish va dars qoldirish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash masalalari muhokama qilindi. Yig‘ilishda «SI Davomat» tizimining ishlash mexanizmi hamda Sergeli tumanidagi tajriba natijalari ko‘rib chiqildi.
Yangi tizim smart-kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida o‘quvchilarning darsda ishtirokini avtomatik ravishda qayd etadi. Agar o‘quvchi sababsiz dars qoldirsa, uning ota-onasiga SMS-xabarnoma yuboriladi.
Shuningdek, davomatga oid ma’lumotlar maktab direktori, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya xodimi va mahalla vakillariga avtomatik tarzda yetkaziladi.
Hozirda «SI Davomat» tizimi Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu maktablarda jami 446 ta smart-kamera o‘rnatilgan.
Tizim «ERP Maktab» hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integrasiya qilingan. Bu orqali kasalligi sababli darsga kelmagan o‘quvchilarni sababsiz dars qoldirganlardan farqlash imkoniyati yaratilgan.
«SI Davomat» tizimi asosida maktablar davomat ko‘rsatkichlariga qarab «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi.
Sergeli tumanidagi tajriba natijalari asosida tizimni Toshkent shahrining boshqa umumta’lim maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.