Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq, Qurbon hayiti munosabati bilan:
— Og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantasiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlari qoplab beriladi.
— 8 ming nafardan ziyod yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan ota-onalarning farzandlarining omonat hisobvaraqlariga 200 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘lari o‘tkazib beriladi.
— 500 ta masjidda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida zamonaviy tahoratxonalar qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash, shuningdek, joylardagi qabristonlarni obod qilish ishlari amalga oshiriladi.
— Davlat ta’minotidagi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar oziq-ovqat to‘plamlari bilan ta’minlanadi.
Mazkur chora-tadbirlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratiladigan 690 milliard so‘m mablag‘ hisobidan moliyalashtiriladi.