Irlandiya poytaxti Dublinda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kortejidagi avtomobillardan biriga tuxum otilgani xabar qilindi.
Bu haqda Britaniyaning Sky News telekanali muxbiri Stiven Myorfi X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilib, voqeaga oid kadrlarni e’lon qildi.
"Zelenskiy kortejidagi avtomobillardan biri manzilga biroz ifloslangan holda yetib keldi", — deb yozdi jurnalist.
Tarqatilgan tasvirlarda avtomobilning orqa qismida tuxum izlariga o‘xshash ko‘plab dog‘lar paydo bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Hodisa Zelenskiyning Irlandiyaga tashrifi chog‘ida yuz bergan. Avtomobilga tuxum otgan shaxslar kimligi va voqea sabablari haqida hozircha aniq ma’lumot berilmagan.