Prezident tomonidan “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari iste’moli natijasida jabrlangan oilalarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplab berish ishlarini tezlashtirish bo‘yicha tegishli topshiriq berildi.
Shunga asosan davlat byudjetidan 65,2 milliard so‘m ajratildi. Shu tariqa bugunga qadar 88 nafar jabrlanuvchiga jami 80 milliard so‘m, shu jumladan, vafot etgan 72 nafar bola oilalariga 72,2 milliard so‘m, davolangan va davolanayotgan 16 nafar bola oilalariga esa 7,8 milliard so‘m to‘landi.
Bank kartalari bilan bog‘liq texnik masalalar hal etilgandan so‘ng 2 nafar bola oila azolariga ham qolgan 2 milliard so‘m to‘liq to‘lab beriladi.
Byudjetdan ajratilgan 65,2 milliard so‘m mablag‘ aybdor shaxslarning mol-mulkini sotishdan tushgan va ulardan undirilgan mablag‘ hisobidan respublika byudjetiga qaytariladi.
Avvalroq aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotish jarayoni belgilangan muddatdan cho‘zilgani sababli bugungi kunga qadar ushbu mablag‘ning 20 foizi, ya’ni 16,8 milliard so‘m to‘langan, xolos. Kompensasiyaning qolgan qismi esa bir necha yildan buyon to‘lanmay kelgan.