15 iyuldan boshlab 2026/2027 o‘quv yili uchun talabalarning o‘qishini davlat oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish va tiklash bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, arizalar 5 avgust kunigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
2 ta uzrli sababga ko‘ra respublikadagi bir davlat oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga yoki bir OTM doirasida o‘qishni ko‘chirish, shuningdek, o‘qishni tiklash bo‘yicha arizalar transfer.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.
Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat OTMlarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirish uchun esa my.uzbmb.uz platformasi orqali murojaat qilish mumkin.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yangi tartib asosida xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlaridan davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirishda umumta’lim fanlari va chet tili bo‘yicha milliy sertifikatlar axborot tizimi orqali avtomatik aniqlanadi.
Xalqaro sertifikatlar esa talabgor tomonidan boshqa hujjatlar bilan birga elektron shaklda yuklanadi.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 11 iyundagi 299-sonli qaroriga muvofiq, xorijiy va nodavlat OTMlardan davlat OTMlarining mos va turdosh bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishni ko‘chirishda chet tili va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega talabgorlarga tegishli fanlardan tabaqalashtirilgan yoki maksimal ball beriladi.