Iqlim o‘zgarishi bugungi kunda ekologik siyosat doirasidan chiqib, xalqaro xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot, energiya ta’minoti, oziq-ovqat xavfsizligi va ijtimoiy farovonlik kabi ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olgan global muammoga aylandi. Shu bois iqlim inqiroziga qarshi kurash davlatlarning alohida sa’y-harakatlaridan ko‘ra xalqaro hamkorlikni, umumiy mas’uliyatni va uzoq muddatli strategik qarashni taqozo etadi. Turkiyaning BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31)ga mezbonlik qilishi va unga raislikni o‘z zimmasiga olishi mamlakatimizning ushbu global mas’uliyat doirasida bajarayotgan muhim diplomatik missiyasidir.
2026 yil 9–20 noyabr kunlari Antaliyada bo‘lib o‘tadigan COP31 Turkiya tarixida ilk bor ushbu miqyosdagi xalqaro iqlim sammitiga mezbonlik qilishi bilan alohida tarixiy ahamiyat kasb etadi. Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an qaroriga muvofiq, Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum raisligida tashkil etilayotgan ushbu jarayon Turkiyaning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha global qarorlar qabul qilish mexanizmlaridagi ishtirokini kuchaytirishga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyon etadi. Umumiy maydoni qariyb 1,1 million kvadrat metrni tashkil etadigan mazkur tadbirda 197 mamlakat vakillari, davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon doiralar, olimlar hamda fuqarolik jamiyati vakillarining ishtirok etishi kutilmoqda.
Turkiyaning COP31 doirasidagi yondashuvini ajratib turadigan asosiy jihat sammitni oddiy muzokaralar maydonidan yuqori bosqichga olib chiqib, uni «Amalga oshirishga yo‘naltirilgan COP» (Implementation COP) sifatida shakllantirishidir. Ushbu yondashuv iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash borasidagi bayonot va majburiyatlarni aniq siyosiy choralarga, moliyalashtirish mexanizmlariga hamda amalga oshirish mumkin bo‘lgan loyihalarga aylantirishni nazarda tutadi. Turkiya ilgari surayotgan muloqot, kelishuv va amaliy harakat tamoyillariga asoslangan yondashuv xalqaro iqlim boshqaruvida ishonchni mustahkamlash va umumiy mas’uliyatni kuchaytirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
COP31ning ustuvor yo‘nalishlari ham ushbu strategik qarashning ko‘lamini namoyon etadi. «Nol chiqindi», toza energiyaga o‘tish, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishiga chidamli shaharlar, yashil sanoatlashtirish, yoshlar va ta’lim, okean va dengizlarni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash tizimlarining barqarorligini ta’minlash kabi masalalar iqlim inqirozining iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarini birgalikda qamrab oladi. Shuningdek, 2035 yilgacha elektrlashtirish ko‘lamini kengaytirish, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish, binolarda energiya samaradorligini oshirish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan maqsadlar iqlim siyosatini o‘lchash mumkin bo‘lgan aniq natijalarga yo‘naltirishni ko‘zda tutadi.
Turkiya iqlim diplomatiyasining e’tiborga molik jihatlaridan yana biri ekologik masalalarni texnologiya, madaniyat, iqtisodiyot va jamoatchilik ishtiroki bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqishidir. COP31 doirasida tashkil etilgan Ko‘k va Yashil hududlar ushbu yondashuvning amaliy ifodasidir. Ko‘k hudud BMT nazorati ostidagi rasmiy muzokaralar va diplomatik uchrashuvlar uchun xizmat qilsa, Yashil hudud davlat idoralari, xususiy sektor, universitetlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va yoshlarni amaliy yechimlar ishlab chiqish jarayoniga jalb etadi. Shu tariqa diplomatik qarorlarning ijtimoiy va iqtisodiy hayotda amaliy ifodasini topishi ko‘zda tutiladi.
Turkiyaning COP31 tashkilotchiligiga olib kirgan «Nol chiqindi» yondashuvi ekologik diplomatiya nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega. Emine Erdog‘an xonimning tashabbusi va rahnamoligida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan «Nol chiqindi» harakatining sammitni tashkil etish tamoyillariga singdirilishi Turkiyaga ekologik siyosat borasidagi tajribasini jahon hamjamiyati bilan baham ko‘rish imkonini beradi. San’atdan gastronomiyagacha, mahalliy ishlab chiqarishdan barqaror turizmgacha bo‘lgan tadbirlar esa iqlim muammosining ijtimoiy va madaniy jihatlarini kengroq namoyon etadi.
Turkiya iqlim diplomatiyasining yana bir strategik jihati uning geografik joylashuvidan kelib chiqadigan ko‘prik vazifasidir. Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va O‘rta yer dengizi havzasi kesishgan hududda joylashgan Turkiya energetika xavfsizligi, transport yo‘laklari, qayta tiklanuvchi energiya investisiyalari va iqlim moliyalashtiruvi sohalarida turli mintaqaviy ishtirokchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim imkoniyatlarga ega. Ayniqsa, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan energetika, suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi, biologik xilma-xillik va ekologik barqarorlik yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar iqlim diplomatiyasiga mintaqaviy mazmun va strategik chuqurlik bag‘ishlashi mumkin.
O‘zbekiston uchun ham COP31 muhim imkoniyatlarni taqdim etadi. Qurg‘oqchilik, suv resurslaridan barqaror foydalanish, Orolbo‘yi havzasidagi ekologik muammolar, cho‘llanish hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish mintaqaning ustuvor masalalari sirasiga kiradi. Turkiyaning texnik salohiyati va diplomatik tajribasini O‘zbekistonning amaliy tajribasi bilan uyg‘unlashtirish Turkiy dunyo miqyosida umumiy iqlim hamkorligi kun tartibini shakllantirishga xizmat qilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, COP31 Turkiya uchun xalqaro tadbirga mezbonlik qilishdan ancha keng ma’noga ega. Turkiya ushbu sammit orqali iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda qarorlar qabul qiladigan, o‘zaro kelishuvga erishadigan va amaliy yechimlar ishlab chiqadigan davlatlar orasida yanada faol mavqega ega bo‘lishni maqsad qilmoqda. Ushbu maqsadning muvaffaqiyati esa belgilangan vazifalarning uzoq muddatli siyosat va aniq natijalarga aylanishi bilan o‘lchanadi. Iqlim inqirozi davlat chegaralarini tan olmaydigan bugungi dunyoda Turkiya ilgari surayotgan asosiy g‘oya aniq: Kelajakni asrash — barchamizning umumiy mas’uliyatimiz, barqaror dunyoni barpo etish esa mushtarak irodamiz mahsulidir.
Prof. Dr. Mehmet YUJE
Turkiya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi
Kommunikasiyalar bo‘yicha maslahatchi