Bugun 5 sentyabr, 2026 yil, shanba

КИР

CNN: AQShning Eronga qarshi yangi sanksiyalari samarasiz bo‘lishi mumkin

CNN: AQShning Eronga qarshi yangi sanksiyalari samarasiz bo‘lishi mumkin

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Eron bilan bog‘liq moliyaviy institutlarga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Biroq ekspertlar va diplomatlar ushbu choralarning qanchalik samarali bo‘lishi, shuningdek, Vashington Eronning asosiy savdo hamkori bo‘lgan Xitoyga qarshi keskin choralar ko‘rishga tayyorligi borasida shubha bildirmoqda. Bu haqda CNN xabar berdi.

Yangi cheklovlar Tramp ma’muriyatining Eronni iqtisodiy jihatdan izolyasiya qilishga qaratilgan strategiyasi doirasida joriy etilmoqda. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bu hafta amerikalik diplomatlarga mezbon davlatlarda Eron bilan mavjud moliyaviy va bank aloqalarini aniqlash hamda ularni izdan chiqarish vazifasini yukladi.

Juma kuni AQSh Moliya vazirligi Turkiyadagi moliya muassasasi va uning sho‘ba korxonalariga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Vashington mazkur tashkilotlar Eronga moliyaviy yordam yetkazishning muhim kanallari bo‘lganini da’vo qilmoqda. Shuningdek, Golden Bank va unga aloqador kompaniyalar ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.

AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Golden Bank Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining «Quds» kuchlariga yo‘naltirilgan mablag‘lar bilan bog‘liq o‘nlab million dollarlik moliyaviy operasiyalarni amalga oshirgan.

Biroq CNN suhbatlashgan ekspertlar va diplomatlar AQShning Eronning eng yirik savdo hamkori bo‘lgan Xitoyga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar joriy etishiga shubha bilan qaramoqda. Ularning fikricha, Pekinga qarshi bunday choralar Vashington uchun jiddiy iqtisodiy va diplomatik oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Pokiston va Ummon kabi Eron bilan savdo aloqalarini saqlab kelayotgan davlatlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi ham savol ostida qolmoqda. Bu mamlakatlar Eron bilan bog‘liq diplomatik sa’y-harakatlarda ham ishtirok etmoqda.

Ayrim mintaqaviy ekspertlar Eronning sanksiyalarga qarshi kurash bo‘yicha uzoq yillik tajribasiga e’tibor qaratmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Tehron o‘nlab yillar davomida turli cheklovlarni chetlab o‘tish mexanizmlarini shakllantirgan va yangi choralar ta’sirini kamaytirishga urinishi mumkin.

AQSh Moliya vaziri Skott Bessent esa sanksiyalar samarasiz bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrlarni rad etib, Vashington ilgari hech qachon bunday tezlikda harakat qilmaganini bildirdi.

Shu bilan birga, ekspertlar sanksiyalarning real iqtisodiy ta’siri odatda darhol namoyon bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Shu sababli Tramp ma’muriyatining Eronni iqtisodiy jihatdan izolyasiya qilish strategiyasi qanchalik natija berishi hozircha noaniq bo‘lib qolmoqda.

Kiritildi: Bugun 18:27. O'qildi: 336 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!