Bu haqda Qirollik Mudofaa vazirligidagi manbasiga tayanib, The Telegraph nashri xabar berdi.
"Fors ko‘rfazidagi missiyalarda foydalanishga mo‘ljallangan K3 Scout katerlariga Xitoyda ishlab chiqarilgan komponentlar o‘rnatilgan. Ushbu komponentlar ma’lumotlarni yashirincha Xitoydagi qurilmaga yuborgan. Ma’lumotlar sizib chiqishi aniqlangach, Mudofaa vazirligi mart oyidan buyon harbiy xizmatda bo‘lgan dengiz dronlari kameralarining internetga ulanishini uzishga majbur bo‘ldi", deya yozmoqda nashr.
Umumiy qiymati 12 million funt sterling (taxminan 16,2 million dollar) bo‘lgan ushbu dronlar Buyuk Britaniyaning Kraken Technology Group kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan. Ularga o‘rnatilgan kameralar esa xavfsizlikni kafolatlagan subpudratchi tomonidan ishlab chiqarilgan.
Vaziyatdan xabardor manbaga ko‘ra, K3 dronlari London tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalarning erkin harakatlanishini ta’minlash uchun taklif qilingan mudofaa paketining bir qismi bo‘lgan. Dengiz dronlari bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, kameralar Xitoydagi IP-manzilga “puls signallari” deb ataluvchi — ularning onlayn faolligi va me’yorda ishlayotganini tasdiqlovchi ma’lumotlarni uzatib turgan. Muammo kiberxavfsizlikdagi zaifliklarni rejali baholash jarayonida aniqlangan.
Shunga qaramay, bu holat Xitoyning Britaniya harbiylari ortidan josuslik qilishga urinayotgani ehtimoli haqida xavotir uyg‘otmoqda. Komponentlarning kelib chiqishini tekshirishda jiddiy muvaffaqiyasizlikka yo‘l qo‘yilgan. Bundan tashqari, dronlar elita xodimlari yig‘ilishlari o‘tkaziladigan joylar yaqinida bo‘lgan. Qurilmalar o‘chirilgandan keyin ham kameralar ishlashda davom etgani haqida xavotirlar kuchaygan.