Buxoro shahrida tahsil olayotgan Hindiston fuqarosi bo‘lgan tibbiyot talabasi vafot etdi. Hodisa yuzasidan uning kursdoshi bo‘lgan yana bir hindistonlik talaba gumonlanuvchi sifatida ushlangan.
Hindistonning Onmanorama nashri ma’lumotiga ko‘ra, marhuma Kerala shtatining Alappuja tumanida tug‘ilgan 22 yoshli tibbiyot talabasi bo‘lgan. Hodisa yuzasidan ushlangan gumonlanuvchi esa Kerala shtatining Malappuram tumanidan bo‘lgan 23 yoshli kursdoshi ekani aytilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea bir necha kun avval ikki talaba o‘rtasida yuzaga kelgan janjal vaqtida sodir bo‘lgan. Nashrning yozishicha, gumonlanuvchi kursdoshining bosh qismiga noutbuk bilan zarba bergan, oqibatda jabrlanuvchi og‘ir tan jarohati olgan.
Talaba shifoxonaga yotqizilgan, biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ichki qon ketishi oqibatida vafot etgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchi hodisa sodir bo‘lgan kuni O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan ushlangan. Ayni paytda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, marhumaning jasadi Hindistonga yuborilgani va yaqin kunlarda u tug‘ilib o‘sgan hududda dafn etilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingan.
Mazkur voqea yuzasidan O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlarining rasmiy axboroti e’lon qilinsa, ishning huquqiy tafsilotlariga yanada oydinlik kiritilishi kutilmoqda.