Buyuk Britaniya Yamandagi husiylar hujumlaridan himoyalanish uchun Saudiya Arabistoniga «Tayfun» qiruvchi samolyotlarini joylashtirishga qaror qildi. Bu haqda Financial Times nashri Britaniya Mudofaa vazirligiga tayanib xabar berdi.
Qiruvchi samolyotlar Saudiya Arabistoni shaharlari va muhim infratuzilmasini Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylarning raketa hamda uchuvchisiz uchish qurilmalari hujumlaridan himoya qilish uchun safarbar etiladi.
Shuningdek, Britaniya Saudiya Arabistoni harbiy shtabiga yordam berish uchun harbiy maslahatchilarini yuboradi. Og‘ir harbiy texnikani mamlakat bo‘ylab tashishga ko‘maklashish uchun esa «Atlas A400M» transport samolyoti jalb etiladi.
So‘nggi haftalarda husiylar Saudiya Arabistoniga hujumlarini kuchaytirgan. Ar-Riyoddagi Podshoh Xolid xalqaro aeroportiga uyushtirilgan yirik hujum oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ortiq kishi jarohatlangan. Shuningdek, jangarilar Dahron shahridagi «Saudi Aramko» davlat neft kompaniyasining bosh qarorgohiga raketa zarbalari bergan.
Britaniya mudofaa vaziri Ues Striting Saudiya Arabistoniga qarshi hujumlarni mutlaqo qabul qilib bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, Britaniya harbiy-havo kuchlarining qiruvchi samolyotlari faqat mudofaa vazifalarini bajaradi va husiylarga qarshi hujum operasiyalarida ishtirok etmaydi.
Bloomberg nashrining qayd etishicha, Britaniyaning Saudiya Arabistoni mudofaasiga bevosita jalb etilishi Londonning muhim ittifoqchisini qo‘llab-quvvatlash borasidagi eng jiddiy qadamlaridan biri bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon AQSh prezidenti Donald Trampdan yordam so‘ragan edi. Biroq bu murojaat hozirgacha AQShning harbiy aralashuviga olib kelmagan. Turkiya va Pokiston bilan tuzilgan yangi mudofaa kelishuvi ham Saudiya Arabistoniga cheklangan yordam ko‘rsatmoqda.
Fransiya Saudiya Arabistonining Qizil dengiz sohilidagi Yanbu portiga radar tizimlarini joylashtirgan. Misr ham yaqin kunlarda qirollikni qo‘llab-quvvatlash masalasini ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Fors ko‘rfazi davlatlari Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, biroq husiylarga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etishdan hozircha bosh tortgan.
«Tayfun» qiruvchi samolyotlari yirik uchuvchisiz uchish qurilmalari va ko‘plab qanotli raketalarga qarshi samarali kurashish imkoniyatiga ega. Ushbu samolyotlar Eronga qarshi urush davrida ham Fors ko‘rfazida mudofaa vazifalarini bajargan.
Husiylar hujumlari tufayli Saudiya Arabistoni o‘zining yirik investisiya tadbirlaridan biri — Future Investment Initiative konferensiyasini ham kelasi yilga qoldirishga majbur bo‘lgan.