Bugun 14 oktyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

Arab davlatlarining Isroil bilan maxfiy hamkorligi oshkor bo‘ldi

Arab davlatlarining Isroil bilan maxfiy hamkorligi oshkor bo‘ldi

Arab davlatlari rasman G‘azo sektoridagi urushni qoralagan bo‘lsa-da, so‘nggi uch yil mobaynida AQSh ko‘magida Isroil bilan xavfsizlik jabhasida hamkorlikni kengaytirib keldi. Bu haqda The Washington Post gazetasi xabar berdi.

Gazeta qo‘lga kiritgan maxfiy hujjatlarga qaraganda, Isroil hamda olti arab davlati (Bahrayn, Misr, Iordaniya, Qatar, Saudiya Arabistoni va BAA) AQSh vositachiligida Mintaqaviy xavfsizlik tuzilmasini (Regional Security Construct) tashkil qilgan. Kuvayt va O‘mon kelgusidagi potensial hamkor o‘laroq ko‘rilgan.

Tuzilmaning asosiy vazifasi Yaqin Sharqda razvedka, raketaga qarshi va aksilterror faoliyatni, birinchi galda Eron va eronparast guruhlarga qarshi kurashni muvofiqlashtirish bo‘lgan. Hujjatlarda birida Eron va unga aloqador guruhlar «yovuzlik o‘qi» deb atalgan.

2022-2025 yillarda Isroil hamda olti arab davlati AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) shafeligida Bahrayn, Misr, Iordaniya va Qatarda maxfiy uchrashuvlar o‘tkazgan.

Ishtirokchi davlatlar Eron raketalari va dronlariga qarshi birgalikda kurashish maqsadida radar tizimini o‘zaro integrasiya qilgan.

Saudiya Arabistoni Isroil va qo‘shni arab davlatlariga keng miqyosda razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan holda jarayonda muhim rol o‘ynagan.

2024 yilga doir hujjatda Isroil hamda arab davlatlari 2026 yilda Yaqin Sharq birlashgan kiber markazini tashkil etishni rejalashtirilgan. Markaz kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan maskan bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Avval xabar berganimizdek, o‘tgan yil iyun oyida Bahrayn poytaxti Manama shahrida arab davlatlari generallari Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari, general Hersi Halevi bilan uchrashgan edi.

Arab davlatlari rasman Isroilning G‘azo sektoridagi xunrezligini qoralab, tinchlik o‘rnatilmagunga qadar Tel-Aviv bilan hamkorlik qilinmasligini aytib kelmoqda. Axios nashri xabari esa parda ortida yashirin muloqot va hamkorlik davom etayotganini tasdiqlagan edi.

2023 yil dekabr oyida Germaniyaning Bild nashri ham arab davlatlari jamoatchilik ko‘z o‘ngida Isroilning G‘azodagi harakatlarini qoralayotgan bo‘lsa-da, parda ortida Tel-Avivni HAMASga qarshi kurashda dastaklayotgani haqida yozgan edi.

2023 yil 11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Arab davlatlari ligasi hamda Islom hamkorlik tashkilotining qo‘shma majlisida ham G‘azoda minglab tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘layotgan Isroilga qarshi amaliy choralar ko‘rish taklif rad etilgan edi.

Riyoz uchrashuvida qatnashgan aksar musulmon davlatlar Isroilni G‘azoda ommaviy qirg‘inni to‘xtatishga majburlash uchun neft embargosini qo‘llash, diplomatik va iqtisodiy munosabatlarni to‘xtatish, AQShning Yaqin Sharq mintaqasidagi harbiy bazalaridan Isroilga harbiy texnika yetkazishiga to‘sqinlik qilish, Isroilning arab davlatlari havo makonidan foydalanishini man etish kabi choralarni taklif etgan. Isroilni tiyishga qaratilgan mazkur takliflarga Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Iordaniya, Bahrayn, Sudan va Jibuti qarshi chiqqan edi.

Kiritildi: 12:33 13.10.2025. O'qildi: 1087 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!