AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor hamda Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau 26–30 oktyabr kunlari Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Bu haqda AQSh Davlat departamenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tashrif doirasida ular Qozog‘iston va O‘zbekiston rasmiylari bilan iqtisodiy hamda xavfsizlikka oid keng qamrovli masalalarni muhokama qiladi.
AQSh tomoni Markaziy Osiyo davlatlari bilan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro aloqalarni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, ushbu tashrif davomida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan birga, AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida C5+1 diplomatik platformasi doirasidagi o‘n yillik sheriklikka ham baho berilishi kutilmoqda.