Agar Rossiya aktivlari musodara qilinsa, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Rossiya iqtisodiyotiga kiritilgan kamida 238 milliard dollarlik investisiyalardan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu haqda «RIA Novosti» Yevropa milliy statistika xizmatlari ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Belgiyaning Euroclear kompaniyasi hisoblarida joriy kurs bo‘yicha taxminan 224,5 milliard dollarlik Rossiya aktivlari muzlatilgan. Bu mablag‘larga suveren va xususiy fondlar ham kiradi.
"Agar ushbu mablag‘lar musodara qilinsa, ittifoq Rossiya iqtisodiyotiga kiritgan 238 milliard dollarlik sarmoyasini yo‘qotishi mumkin", — deb yozadi agentlik.
Shu bilan birga, Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas yaqinda YEI davlatlari Ukrainaga yordam ko‘rsatish maqsadida Rossiya suveren aktivlarini o‘zlashtirish masalasida hanuz kelishuvga erisha olmaganini tan oldi.
Moskva esa suveren aktivlarni o‘g‘irlash har qanday darajada javobsiz qolmasligi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Rossiyaning ta’kidlashicha, G‘arbning bunday harakatlari mavjud moliyaviy-iqtisodiy tizimni izdan chiqarishi mumkin.