Kremlda Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, yopiq eshiklar ortidagi uchrashuv 3 soat 10 daqiqa davom etgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh vakillari Ukrainadagi harbiy harakatlarni imkon qadar tezroq to‘xtatishdan manfaatdor ekanini bildirgan va ehtimoliy tinchlik kelishuvi bo‘yicha bir qator takliflarni ilgari surgan.
Putin esa Rossiya Ukrainada qo‘yilgan maqsadlariga erishish niyatida ekanini, mojaroni hal qilish uchun uning “tub sabablari” bartaraf etilishi kerakligini aytgan. Rossiya tomoni AQSh vakillariga frontdagi vaziyat bo‘yicha o‘z bahosini ham yetkazgan.
Ushakovning aytishicha, Uitkoff va Kushner Putinning pozisiyasini Kiyevda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi muzokaralarda hisobga olishini bildirgan.
AQSh vakillari uchrashuv natijalari bo‘yicha hozircha ochiq bayonot bermadi. Ular Moskvadan Kiyevga yo‘l oldi va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan muzokaralar o‘tkazishi kutilmoqda.
Donald Tramp uchrashuv arafasida Uitkoff va Kushner Moskva hamda Kiyevga “urushni tugatish bo‘yicha taklif” olib borayotganini bildirgandi. Biroq Vashington taklif mazmunini ochiqlamagandi.