AQSh davlat kotibi Marko Rubio aprel oyida Pokistonda o‘tkazilgan AQSH–Eron muzokaralari vaqtida Tehronning taklifini qabul qilmaslik tarafdori bo‘lgan. Bu haqda NBC News muzokaralardan xabardor mansabdorga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, muzokaralar jarayonida AQSh delegasiyasi Eron tomoni ehtimoliy kelishuv shartlarini o‘zgartirayotganidan xavotirga tushgan.
«Tanaffus vaqtida ular Rubioga qo‘ng‘iroq qilib, keyin qanday yo‘l tutish bo‘yicha ko‘rsatma so‘rashgan. Rubio Eron taklifini qabul qilib bo‘lmasligiga qo‘shilgan», — deyiladi xabarda.
Aprel oyida Islomobodda AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens boshchiligidagi delegasiya Eron vakillari bilan uzoq davom etgan muzokaralar o‘tkazgan, ammo tomonlar yakuniy kelishuvga erisha olmagan. Vens o‘sha paytda AQSh delegasiyasi muzokaralar davomida Rubio va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan doimiy aloqada bo‘lganini aytgan.
NBC News ma’lumotiga ko‘ra, Rubio muzokaralarning ommaviy qismida asosiy figura sifatida ko‘rinishdan qochib, bu vazifani Vens, maxsus vakil Stiv Uitkoff va Jared Kushnerga qoldirgan. Shu bilan birga, nashr manbasi uni yopiq eshiklar ortida qabul qilinadigan muhim qarorlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi amaldor sifatida tasvirlagan.
Aprel muzokaralarida asosiy kelishmovchiliklar Eronning yadroviy dasturi va uran boyitish masalalari atrofida bo‘lgan. Keyingi xabarlarda ham mazkur masalalar tomonlar o‘rtasidagi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolgani qayd etilgan.