Eron Hurmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilayotgani va Tehron bilan kelishilmagan yo‘nalishlarni yopishni rejalashtirayotganini Islom inqilobi posbonlari korpusi maslahatchisi Muhammad Rizo Naqdiy ma’lum qildi. Bu haqda Fars agentligi xabar berdi.
"Qoidabuzarlar yaratishga ulgurgan oz sonli yo‘nalishlar ham tez orada yopiladi", — dedi u.
"Hurmuz bo‘g‘ozi yopiq va Eron qurolli kuchlari uni to‘liq nazorat qilmoqda. Bu holat Eronning qonuniy talablari qondirilguniga qadar saqlanib qoladi", — dedi Naqdiy.
Uning bayonoti AQSh davlat kotibi Marko Rubio Eron Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni butunlay yo‘qotgani va suv yo‘li ochiq ekanini aytganidan bir necha soat o‘tib yangradi.
Rubioning ta’kidlashicha, hozir bo‘g‘oz orqali neft tashish hajmi AQSh va Isroilning 2026 yil 28 fevralda Eronga hujumigacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarga deyarli yetgan.
Middle East Eye ma’lumotiga ko‘ra, harbiy harakatlar boshlanishidan oldin Hurmuz bo‘g‘ozi orqali kuniga 20 million barrel energetika resurslari tashilgan. Nashr ta’kidlashicha, yetkazib berish hajmining mojarodan oldingi darajaga yaqinlashishi Fors ko‘rfazi davlatlari va Eron o‘rtasidagi norasmiy kelishuvlar, shuningdek, Tehronning o‘z eksporti bilan bog‘liq.
Shu orada KSIR qo‘mondoni o‘rinbosari, brigada generali Yadullo Javoniy xorijiy harbiy-dengiz kuchlari kemalari Eronning harbiy imkoniyatlaridan xavfsirab, mamlakat hududiy suvlaridan ming kilometrdan ortiq masofaga chekinganini da’vo qildi. Bu haqda IRNA xabar berdi.
Generalning so‘zlariga ko‘ra, mintaqada ilgari faol harakat qilgan xorijiy kemalar hozir Eronning raketa, dron va dengizdagi imkoniyatlarini hisobga olmoqda.
U, shuningdek, mintaqaning kelajagi "tajovuzkor kuchlar to‘liq chiqib ketishi"ni hisobga olgan holda islom davlatlari tomonidan shakllantiriladigan jamoaviy xavfsizlik tizimi bilan belgilanishini aytdi.