Bugun 7 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Ana xolos! Toshkentda talabalar kechasi yotoqxonadan chiqarib yuborildi

Ana xolos! Toshkentda talabalar kechasi yotoqxonadan chiqarib yuborildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat texnika universitetida viloyatdan kelib tahsil olayotgan 300 nafar talaba yotoqxona uchun pul to‘laganiga qaramay, bir kun ichida binodan chiqarib yuborilganligi haqida xabarlar tarqaldi.

Vazirlikka ko‘ra, Toshkent shahri Talabalar shaharchasida Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi hozircha rasman foydalanishga topshirilmagan.

Mazkur ob’ektning kadastr hujjatlari hali rasmiylashtirilmagan hamda undan foydalanish uchun zarur tegishli ruxsatlar olinmagan. Shu sababli ob’ektga talabalarni rasmiy tartibda joylashtirish imkoni mavjud emas.

Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun talaba Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali ariza topshiradi hamda belgilangan tartibda yo‘llanma olganidan so‘ng turar joyga joylashtiriladi.

Biroq tadbirkor tomonidan mazkur ob’ektda ayrim talabalar belgilangan tartibga rioya etilmagan holda, tegishli yo‘llanmasiz joylashtirilgani aniqlandi. Shuningdek, Toshkent davlat texnika universitetiga tegishli bo‘lmagan boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalarining ham ushbu ob’ektga joylashtirilgan holatlari kuzatilgan.

Mazkur holat aniqlangach, talabalarning xavfsizligi va ular uchun zarur sharoitlarni ta’minlash maqsadida barcha talabalar ob’ektdan chiqarilib, Toshkent davlat texnika universitetining mavjud bo‘sh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirildi. Boshqa oliy ta’lim tashkilotlari talabalari esa tegishli mas’ullar orqali o‘z ta’lim tashkilotlariga qaytarildi.

Xorijiy talabalarni ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz, foydalanishga rasman topshirilmagan ob’ektda joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bois ular ham xavfsizlik choralari doirasida mazkur ob’ektdan chiqarildi.

Ayni paytda talabalar turar joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Shuningdek, ob’ektda issiq suv va isitish tizimlari hali to‘liq ishga tushirilmagan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, mazkur ob’ektning rasmiy ochilish marosimi ham hali o‘tkazilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda to‘liq yakunlanmagani sababli avgust oyida hududlarda o‘tkazilgan ochilish tadbirlari doirasida ushbu ob’ektdan foydalanish boshlanmagan.

Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli ruxsatlar olingach, ob’ekt belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi va talabalarni joylashtirish amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, mazkur ob’ektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan to‘liq, ya’ni 100 foiz miqdorida qaytarib berildi.

Ta’kidlash joizki, talabalarning mazkur ob’ektga belgilangan tartibga rioya etmagan holda tadbirkor tomonidan joylashtirilgani haqida universitet ham, vazirlik ham oldindan xabardor bo‘lmagan. Holat aniqlanganidan so‘ng talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida tegishli choralar ko‘rildi.

Kiritildi: Bugun 12:36. O'qildi: 397 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!