Bugun 8 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazdi

Lionel Messi Argentina terma jamoasidagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazdi

39 yoshli futbolchi Beninga qarshi xayrlashuv bahsida penaltidan gol urib, ikkita golli uzatma berdi. Shu tariqa, uning Argentina terma jamoasidagi hisobida 208 ta o‘yin va 126 ta gol qayd etildi. Argentina 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.

O‘rtoqlik uchrashuvi 6 oktyabr kuni kechqurun Argentina poytaxti Buenos-Ayresdagi “Monumental” stadionida bo‘lib o‘tdi. O‘yinning 10-daqiqasida u bir daqiqaga to‘xtatildi. Messi terma jamoada 10-raqam ostida o‘ynagani uchun aynan shu vaqt tanlangan. Stadiondagi muxlislar o‘z sardorini olqishladi, Benin futbolchilari esa uning yoniga kelib, qo‘l berib ko‘rishdi.

Messi milliy jamoada 2005 yilda, 18 yoshida debyut qilgan edi. Yigirma yildan ortiq davom etgan faoliyati davomida u Argentina bilan jahon chempioni, ikki karra Amerika kubogi g‘olibi va Olimpiada chempioni bo‘ldi. Uning terma jamoadagi eng katta yutug‘i 2022 yil Qatarda o‘tkazilgan jahon chempionatidagi g‘alaba hisoblanadi.

Futbolchining klublardagi faoliyati ham ko‘plab sovrinlarga boy. U “Barselona” bilan o‘n marta Ispaniya chempioni, to‘rt marta Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, yetti marta Ispaniya kubogi va sakkiz marta mamlakat Superkubogini qo‘lga kiritgan. Messi sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan.

Messi 2021 yilda “Barselona” dan “Pari Sen-Jermen”ga o‘tdi va Fransiya klubi bilan ikki marta chempion bo‘ldi. 2023 yildan buyon esa AQShning “Inter Mayami” jamoasida to‘p surmoqda.

Kiritildi: 11:12 07.10.2026. O'qildi: 801 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!