Bugun 12 noyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

AQSh moliya vaziri Erondan kelayotgan tahdidlar sababli harbiy bazaga ko‘chib o‘tdi

AQSh moliya vaziri Erondan kelayotgan tahdidlar sababli harbiy bazaga ko‘chib o‘tdi

AQSh moliya vaziri Skott Bessent hayotiga tahdidlar bo‘lgani, bu tahdidlar Erondan kelayotgan bo‘lishi mumkinligi sababli Vashington atrofidagi uyini tark etib, harbiy bazaga ko‘chib o‘tdi.

The New York Times gazetasi xabar berishicha, bu haqda vaziyatdan xabardor manbalar ma’lum qilgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha AQSh Moliya vaziriga nisbatan bildirilgan tahdidlar qay darajada jiddiy bo‘lgani aniq emas.

Avvalroq AQSh razvedkasining yuqori lavozimli vakili Eron tomonidan AQSh fuqarolari va rasmiy vakillariga hujum uyushtirish bo‘yicha ehtimoliy rejalar faollashgani haqida ogohlantirgan edi. Uning baholashicha, ayrim hujumlarga tayyorgarlik ishlari ancha ilg‘or bosqichga yetgan.

Shu bilan birga, AQSh rasmiylari Eronning mamlakat hududida va xorijda keng ko‘lamli hujumlarni amalga oshirish imkoniyatlari cheklanganligini ta’kidlamoqda.

Tehron avvalroq AQSh mansabdor shaxslari va fuqarolariga hujum tayyorlayotgani haqidagi ayblovlarni rad etgan edi.

AQSh Moliya vazirligi hozircha Bessentning harbiy bazaga ko‘chib o‘tgani haqidagi xabarlarga izoh bermagan.

Qayd etish joizki, Moliya vaziri Vashingtonning Tehronga nisbatan iqtisodiy bosim siyosatini amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Kiritildi: 13:50 11.11.2026. O'qildi: 649 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik