AQSh Prezidenti Donald Tramp harbiy eskalasiya tahdidlari va Tehron bilan kelishuvga erishish urinishlari o‘rtasida muvozanat saqlashga harakat qilmoqda. Moskva Yaqin Sharq instituti tahlilchilarining baholashicha, 3 noyabrda o‘tkaziladigan oraliq saylovlarga qadar Eronga qarshi keng ko‘lamli zarba berilishi ehtimoli juda past, biroq eng xavfli davr noyabr oyining ikkinchi yarmida boshlanishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yakuniy qaror Trampning chekiga tushadi, uning atrofidagi mulozimlar esa urushni davom ettirish bahosi, uning maqsadlari va ehtimoliy oqibatlari borasida bahslashmoqda.
AQSh ma’muriyati ichidagi qarashlar turlicha:
Marko Rubio (Davlat kotibi): Diplomatik yechim tarafdori bo‘lib, uzoq davom etadigan mojarodan xavotirda.
Pit Xegset (Mudofaa vaziri): Keng ko‘lamli harbiy variantlar to‘plamini saqlab qolishni talab qilmoqda.
Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi: Ko‘p miqdorda o‘q-dorilar sarflanib zaxiralar kamayishi, tinch aholi orasidagi yo‘qotishlar va Fors ko‘rfazi mamlakatlarining energetika infratuzilmasiga berilishi mumkin bo‘lgan javob zarbalaridan ogohlantirmoqda.
Oq uy qaroriga ichki siyosiy omillar ham kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Tahlilda keltirilgan so‘rovnoma ma’lumotlariga ko‘ra, amerikaliklarning atigi 34 foizi Eronga zarba berishni qo‘llab-quvvatlagan, 69 foizi esa urush qilingan xarajatlarni oqlamadi deb hisoblaydi. Benzin narxining oshishi ham ovoz berish arafasida administrasiya reytinglariga qo‘shimcha zarba bo‘lmoqda. Biroq saylovlardan so‘ng Tramp uchun siyosiy cheklanmalar yumshashi va mintaqada AQSh harbiy guruhini kengaytirish davom etishi mumkin.
Institut prognoziga ko‘ra, 3 noyabrgacha keng ko‘lamli zarbalar to‘lqini yuz berishi ehtimoli taxminan 6 foizni tashkil etadi, eng xavfli bosqich esa noyabr oxiri va dekabr oylariga to‘g‘ri keladi. Ehtimoliy ssenariylar orasida — bosim ostida muzokaralarni davom ettirish, Eron infratuzilmasiga qarshi cheklangan harbiy operasiya yoki kengroq eskalasiya bor. Shu bilan birga, yil oxirigacha Vashington keng ko‘lamli hujumlarni qayta boshlamay, qamal va diplomatik savdoni davom ettirishi ehtimoli ham saqlanib qolmoqda.
Shu tariqa, oraliq saylovlar yangi hujum uchun to‘siq emas, balki uning muddatlarini belgilab beruvchi omilga aylanishi mumkin. Tramp muzokaralar stoli atrofida yon berishga erishishni afzal ko‘radimi yoki ultimatumni harbiy kuch bilan mustahkamlashga qaror qiladimi — asosiy masala shunda bo‘lib qolmoqda.