AQSh Qurolli Kuchlarida 2027 yil 1 oktyabrga qadar avtonom jangovar tizimlarni qo‘llash uchun mas’ul bo‘lgan qo‘mondonlik tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Pentagonning 21 oktyabrda e’lon qilingan yangi qo‘mondonlik «Agincourt» loyihasi doirasida shakllantiriladi.
«Agincourt loyihasi oldida ikkita vazifa turibdi. Birinchidan, 2027 yil 1 oktyabrgacha Avtonom jangovar harakatlar qo‘mondonligini (AUTOWARCOM) tashkil etish. Ikkinchidan, Uchuvchisiz tizimlar portfeli boshqarmasi (DRPM-UxS) faoliyatini davom ettirish va shu bilan birga, avtonom tizimlar hamda robototexnika ishlab chiquvchilarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri front chizig‘idagi jangovar bo‘linmalar bilan bog‘laydigan yangi xaridlar modelini joriy etish», — deyiladi xabarda.
Yangi qo‘mondonlikka to‘rt yulduzli general rahbarlik qiladi.
Pentagon ushbu loyihadan maqsad alohida bitta dron yaratish emas, balki o‘zgaruvchan sharoitlarga moslasha oladigan va kengaytiriladigan yaxlit tizimni shakllantirish ekanligini ta’kidladi.
Istiqbolli ishlanmalarni tanlashda amaliy sinovlar natijalari hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Musobaqalar, harbiy mashg‘ulotlar va jangovar qo‘llanilish natijalari qaysi tizimlar keyinchalik rivojlantirilishi va katta miqyosda joriy etilishini, qaysilaridan esa voz kechilishini belgilab beradi.