Farg‘ona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi 2-Shahrixon bo‘limi 3-gidrouchastkasi boshlig‘i chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga katta Farg‘ona kanali himoya hududidagi 30 sotix yer maydonini ijara asosida foydalanishi uchun mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 40,5 ming AQSh dollari talab qiladi.
U oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga Farg‘ona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i aloqador ekanligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va 20 ming dollardan 3 ming dollarni olgan vaqtida uning noqonuniy harakati fosh etildi.
Bundan tashqari, ushbu yer maydonidan ijara asosida foydalanib kelayotgan Farg‘ona vodiysi magistral kanallardan foydalanish boshqarmasi 2-Shahrixon bo‘limi 3-gidrouchastkasi xodimi yerni berish uchun 19 ming AQSh dollari talab qilganligi holati ham tegishli tartibda rasmiylashtirildi.
Oltinko‘l tumanidagi ta’lim muassasasi direktori xizmat mavqeidan foydalanib, mazkur muassasa hududidagi 1,1 gektar yer maydoni xususiy avtomaktab tomonidan auksion orqali yutib olingan bo‘lishiga qaramay, ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyat va ta’lim muassasasi o‘rtasida tuzilgan kelishuv shartnomasini tasdiqlab berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.