Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi yangi uzoq masofali operasiyalar rejasi tasdiqlanganini ma’lum qildi.
Kechki video murojaatida davlat rahbari Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy va Bosh shtab vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazganini aytdi.
Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni “vaziyat dinamikasi Ukraina foydasiga o‘zgarayotganini” kuzatmoqda.
“Ayniqsa, Rossiyaga qarshi uzoq masofali hujumlarning ta’siri sezilarli bo‘lmoqda”, — dedi u.
Shuningdek, Zelenskiy iyun oyi uchun “ukraincha uzoq masofali harakatlar” rejasini tasdiqlaganini bildirdi.
Yig‘ilishda Pokrovsk, Konstantinovka, Xarkov va Zaporojye yo‘nalishlaridagi vaziyat ham muhokama qilingan.
Ukraina prezidenti Kiyev qo‘shinlarga yetkazib beriladigan dronlar, yer usti robotlashtirilgan majmualar va boshqa jihozlar sonini oshirishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.
Zelenskiyga ko‘ra, jangovar brigadalarni moliyalashtirish, dronlar va robotlashtirilgan tizimlarni rivojlantirish Ukraina armiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.
Ukraina yetakchisi Vengriya va Gruziya bilan munosabatlarga ham to‘xtalib, har ikki davlat bilan hamkorlikni normallashtirish niyati borligini bildirdi.
Evropa integrasiyasi haqida gapirar ekan, Zelenskiy Ukraina Yevropa Ittifoqi institutlari bilan ishlashda davom etayotganini va “urush davrida ham YEIning bir qismi bo‘lishga loyiq” ekanini aytdi.