Rossiya rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina dronlari bosib olingan Lugansk viloyatining Starobelsk shahridagi kollej yotoqxonasiga tungi hujum uyushtirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni olti kishiga yetgan, 39 kishi jarohat olgan, yana 15 kishi bedarak yo‘qolgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Qahramonlar vaqti” dasturi ishtirokchilari bilan uchrashuvda hodisa yuzasidan Mudofaa vazirligiga javob choralari bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirilganini aytdi.
“Bunday holatlarda faqat Tashqi ishlar vazirligi bayonotlari bilan cheklanib bo‘lmaydi”, — dedi Putin.
Uning ta’kidlashicha, hujum uch to‘lqinda amalga oshirilgan va binoga jami 16 ta dron yo‘naltirilgan. Putin yotoqxona yaqinida harbiy ob’ektlar bo‘lmaganini aytib, dronlar Rossiya havo mudofaasi tomonidan urib tushirilgani haqidagi versiyani rad etdi.
Ukraina tomoni esa tinch aholi nishonga olinganini inkor qildi. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Starobelsk atrofida Rossiya armiyasining o‘q-dori omborlari, havo mudofaasi tizimlari va shtab ob’ektlariga zarba berilganini ma’lum qildi.