AQSh tomonidan yangi hujumlar bo‘lgan taqdirda mojaro mintaqa chegarasidan chiqib ketishi mumkin. Bu haqda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (KSIR) bayonotida ma’lum qilindi. Bayonot AQSh prezidenti Donald Trampning ehtimoliy yangi zarbalar haqidagi bayonotlari ortidan yangradi.
Tramp jurnalistlarga Eron bilan muzokaralar “yakuniy bosqich”ga kirganini aytdi. Shu bilan birga, kelishuvga erishilmasa, Vashington “noxush qadamlar” tashlashi mumkinligini bildirib, harbiy harakatlar qayta boshlanishiga ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh diplomatiyaga yana bir imkoniyat berishga tayyor.
Tehronda esa Vashingtonning bayonotlari yangi hujumlarga tayyorgarlik sifatida baholanmoqda. Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibof “dushmanning oshkora va yashirin harakatlari” AQSh zarbalarni qayta boshlashni rejalashtirayotganidan dalolat berishini aytdi.
Shu bilan bir vaqtda diplomatik aloqalar ham davom etmoqda. Pokiston ichki ishlar vaziri Tehronga tashrif buyurib, tomonlar o‘rtasida xabarlar yetkazgan. Eron esa Vashingtonga sanksiyalarni bekor qilish, urushdan yetgan zararni qoplash va AQSh qo‘shinlarini mintaqadan olib chiqishni nazarda tutuvchi yangi taklif yuborgan.