Toshkent viloyatidagi dam olish maskanlariga olib boruvchi avtomobil yo‘lida bir tomonlama harakat tashkil etildi, deb xabar berdi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.
Qayd qilinishicha, bu chora bayram kunlarida Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlariga sayohat qiluvchi fuqarolar soni oshishi, kurort zonalarida jamoat tartibini saqlash, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘l-transport hodisalari va tirbandliklarning oldini olish maqsadida joriy etilgan.
«Shundan kelib chiqib, tumanning tog‘li hududlaridagi Amirsoy, Chimyon, Bildirsoy kabi dam olish maskanlariga olib boruvchi avtomobil yo‘lida transport vositalarining harakati bir tomonlama tashkil etildi», deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, 4R6 Toshkent—Chirchiq—Chimyon avtomobil yo‘lining 57-kilometridan 92-kilometrigacha — 4R10 avtomobil yo‘li bilan tutash joyiga qadar, harakat bir tomonlama etib belgilangan.