Bugun 16 yanvar, 2026 yil, juma

КИР

Allergik vaskulit: Qon tomirlar nega yallig‘lanadi?

Allergik vaskulit: Qon tomirlar nega yallig‘lanadi?

👩🏻‍⚕️ Ilmira Razikova,
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:

💬 — Allergik vaskulit allergik reaksiya natijasida qon tomir devorlarining yallig‘lanishi bilan kechadigan kasallik hisoblanadi. Uning kelib chiqishi turli omillar bilan bog‘liq. Shular orasida antibiotiklar, og‘riq qoldiruvchi dori vositalari, sulfanilamidlar va ayrim vaksinalar yetakchi o‘rinni egallaydi.

🧪 Bundan tashqari, streptokokk, stafilokokk, gepatitning B va S turlari, gerpes, gripp, O‘RVI kabi virusli infeksiyalar, qolaversa, sitrus mevalar, yong‘oqlar, shokolad, baliq, dengiz mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat allergenlari, turli kimyoviy vositalar bu xastalikni chaqirishi mumkin.

⏩ Autoimmun va surunkali kasalliklar, qandli diabet, jigar hamda buyrak patologiyalari tufayli ham ba’zi insonlarda allergik vaskulit paydo bo‘lishi kuzatiladi.

💫 Shu sababli bu muammo bilan asosan allergiyaga moyil, immuniteti zaif, surunkali infeksiya o‘choqlari bor, uzoq muddat dori qabul qiluvchi va ekologik noqulay hududlarda yashovchi kishilar to‘qnash keladi.

🩺 Kasallikning qator yaqqol belgilari bor. Terida qizil yoki binafsharang dog‘lar, qichishish, shish, po‘st tashlash, mayda yaralar paydo bo‘lishi, ba’zan bo‘g‘im va mushak og‘riqlari, holsizlik hamda isitma shular jumlasidandir.

👩🏻‍⚕️ Ana shu alomatlar paydo bo‘lsa, darhol allergolog mutaxassisga murojaat qilish kerak. Shifokor avval bemor shikoyatlarini eshitib, kasallik tarixi bilan tanishadi. Qon va peshob tahlillari olinadi. Zarur hollarda teri biopsiyasi, UTT yoki boshqa instrumental tekshiruvlar buyurilishi mumkin.

➡️ Kasallikni qo‘zg‘atayotgan asosiy sabab, ya’ni allergen aniqlangach, davolash muolajalari individual tarzda olib boriladi.

💊 Dastavval, allergen bilan aloqa to‘xtatilib, uni bartaraf etish uchun antigistamin preparatlar, yallig‘lanishga qarshi dori vositalari, og‘ir holatlarda gormonal terapiya qo‘llaniladi. Agar bemorda infeksiya aniqlansa, tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq, antibaktrerial vositalardan foydalanish tavsiya etiladi.

🥗 Eng asosiysi, allergik vaskulitdan xalos bo‘lishda to‘g‘ri ovqatlanish, parhez va sog‘lom hayot tarziga rioya qilish muhim.

‼️ Hozir Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy filiallarida bu kabi kasalliklar eng ilg‘or usullar hamda zamonaviy texnologiyalar asosida aniqlanib, samarali davolanmoqda.

Kiritildi: Bugun 14:00. O'qildi: 289 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!