O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov futbolchilik faoliyatini Rossiyaning «Rostov» klubida yakunlash imkoniyati haqidagi savolga javob berdi.
Ayni paytda Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» jamoasida to‘p surayotgan 31 yoshli futbolchi bunday reja haqida hozircha o‘ylamaganini bildirdi.
«Sport-Ekspress» nashri muxbiri Shomurodovdan faoliyatini «Rostov»da yakunlash ehtimoli haqida so‘ragan.
«Hozircha bu haqda o‘ylab ko‘rmadim», — dedi hujumchi.
Jurnalistning bunday variant unga qiziq bo‘lishi mumkinligi haqidagi navbatdagi savoliga esa Shomurodov kulimsirab javob qaytardi.
«Yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak», — dedi o‘zbekistonlik futbolchi.
Eslatib o‘tamiz, Eldor Shomurodov 2017 yildan 2020 yilgacha «Rostov» sharafini himoya qilgan. Ushbu davrda hujumchi 91 ta uchrashuvda maydonga tushib, 18 ta gol urgan va 12 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
2020 yilning yozida Rossiya klubi Shomurodovni Italiyaning «Jenoa» jamoasiga 9,5 million yevro evaziga sotgan.
O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi keyinchalik Italiyada «Roma», «Spesiya» va «Kalyari» klublarida ham faoliyat yuritgan.